Shomurodov Turkiyada chempionat to‘purariga aylandi
Sport
−
11:04 1263 2 daqiqa
Kecha, 18 oktyabr kuni Turkiya chempionatining sakkizinchi turida “Istanbul Bashakshehir” jamoasi “Gaziantep” ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchi Eldor Shomurodov gol urdi va golli uzatmani amalga oshirdi.
Shomurodov uchrashuvning 9-daqiqasida hisobni ochdi. “Istanbul Bashakshehir”ning uzoq davom etgan hujumidan so‘ng o‘zbekistonlik futbolchi jarima maydonchasida to‘pni qabul qilib olib, uni darvozaga yo‘lladi. Ushbu goldan so‘ng Shomurodov to‘purarlar poygasida Muhammad Salohga yetib oldi. Har ikki futbolchi hisobida 7 tadan gol mavjud bo‘lib, ular musobaqa to‘purarlari ro‘yxatida peshqadamlik qilmoqda.
“Sofascore” statistik portali o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovning o‘yindagi harakatlarini 7,4 ballga loyiq ko‘rdi.
Shomurodov uchrashuv davomida darvoza tomon bir marta zarba berdi. Uning kutilgan gollar ko‘rsatkichi (xG) 0,71 ni tashkil etdi. O‘zbekistonlik futbolchi to‘pga 41 marta tegindi, shundan to‘rttasi raqib jarima maydonchasida amalga oshirildi.
Hujumchi 27 ta uzatmaning 21 tasini aniq bajardi – 78 foiz. Shuningdek, u uchta driblingdan birini muvaffaqiyatli amalga oshirdi (33 foiz). “Istanbul Bashakshehir” yarim himoyachisi Andreas Skov Olsen 7,9 ball bilan jamoasining eng yuqori bahosini oldi.
Ushbu g‘alabadan keyin “Istanbul Bashakshehir” ochkolarini 11 taga yetkazdi va turnir jadvalida 10-o‘rinda bormoqda. “Gaziantep” hisobida esa sakkiz ochko mavjud. Turkiya Superligasida “Galatasaroy” 19 ochko to‘plagan holda jadval peshqadami bo‘lib turibdi.
Live
Barchasi