Shols Si Szinpindan Putinga ta’sir o‘tkazishni so‘radi
Olam
−
17 aprel
6944Germaniya kansleri Olaf Shols Xitoy rahbari Si Szinpinni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ta’sir o‘tkazishga va uni Ukrainadagi urushni tugatishga ishontirishga chaqirdi. Bu haqda uning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
"Xitoyning so‘zi Rossiyada og‘ir tosh bosadi. Shuning uchun men Sidan Rossiyaga bosim o‘tkazishni so‘radim, shunda Putin nihoyat o‘zining aqldan ozgan kampaniyasini to‘xtatib, qo‘shinlarini olib chiqib, bu dahshatli urushni to‘xtatadi", deb yozdi Shols.
Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Si Szinpin iyun oyi o‘rtalarida Shveysariyada bo‘lib o‘tadigan Ukraina bo‘yicha tinchlik konferensiyasini ham qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lgan.
"Xitoy va Germaniya Shveysariyada yuqori darajadagi konferensiya va kelajakda xalqaro tinchlik konferensiyalarini tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni jadal va ijobiy muvofiqlashtirish niyatida", deydi Shols.
Germaniya kansleri va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi o‘rtasidagi uchrashuv Olaf Sholsning Xitoyga uch kunlik safarining yakuniy kunida bo‘lib o‘tdi. Ukrainadagi urushdan tashqari, bir necha vazirlar va biznes delegatsiyasi hamrohligida yetakchilar Germaniya va Xitoy o‘rtasidagi iqlimni muhofaza qilish va iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi.
O‘z bayonotlariga ko‘ra, Xitoy Ukrainadagi urushda neytral pozitsiyani egallaydi. G‘arb Pekinni Rossiyaning qo‘shni davlatga keng ko‘lamli bostirib kirishini hali rasman qoralamagani va Ukrainadagi ikki yillik urush davomida Rossiya bilan iqtisodiy va strategik hamkorlikni kuchaytirgani uchun tanqid qiladi.
Germaniya kansleri bilan uchrashuv chog‘ida Si Szinpin butun insoniyat uchun xavf tug‘diruvchi “yangi notinchlik va buzilishlar davri”dagi turli muammolarni hal qilishda yirik davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini e’tirof etdi.
"Birgalikda biz Yer yuzida ko‘proq barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlay olamiz", degan u.
Si Szinpin Xitoy mavjud siyosiy kelishmovchiliklarga qaramay, Germaniya bilan hamkorlikka tayanishini qo‘shimcha qilgan.