Shols rus gazidan voz kechishning oqibati nima bo‘lishini aytdi
Olam
−
22 aprel 2022
29085Rossiya gaziga nisbatan keskin embargo (cheklov) Ukrainadagi harbiy mojaroni to‘xtatmaydi, balki Germaniya va butun Yevropada jiddiy iqtisodiy inqirozga olib keladi. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols aytib o‘tgan.
“Birinchidan, men gaz embargosi urushni to‘xtatib qo‘yiishiga umuman ishonmayman. Agar Putin iqtisodiy dalillarni qabul qilganida edi, u hech qachon bu aqldan ozgan urushni boshlamagan bo‘lardi. Ikkinchidan, biz embargodan pul topayotgandek gapiryapsiz. Ammo biz qanday qilib jiddiy iqtisodiy inqirozdan, millionlab ish o‘rinlari va boshqa hech qachon ochilmaydigan zavodlarning yo‘qolishidan saqlanishimiz mumkin”, deydi Shols.
Uning fikricha, embargo natijasida Germaniya va butun Yevropa iqtisodiga jiddiy zarar yetishi mumkin. Bu esa harbiy mojaro tugaganidan keyin Ukrainani tiklashni moliyalashtirishda qiyinchiliklar tug‘diradi.
Avvalroq, Fransiya Moliya vaziri Bryuno Le Mer Rossiya gaziga nisbatan embargo hali Kremlga qarshi sanksiyalar sifatida muhokama qilinmaganini aytgandi. Unga ko‘ra, Rossiya gaziga cheklov qo‘yish bir necha davlat iqtisodini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
Shuningdek, Avstriya Bosh vaziri Karl Nexammer Germaniya, Vengriya va Avstriya gaz embargosini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Yevroparlament joriy yilning mart oyida Rossiya energiya tashuvchilarga embargo joriy etishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi