Shols Putin bilan gaplashmoqchi
Olam
−
10 iyun 2023
9788Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan aloqalarni davom ettirib, “yaqin kelajakda” yana telefon orqali muloqot qilish niyatida ekanini aytdi. Bu haqda u bugun, 10 iyun kuni Nyurnbergda Germaniya protestant cherkovlarining 38-kongressida ma’lum qildi.
Sholsning bildirishicha, u o‘tgan yilning fevral oyida Ukrainada urush boshlangunga qadar va undan keyin ham Putin bilan gaplashgan.
“Men buni uzoq vaqt davomida qilmagan bo‘lsam ham, yaqin kelajakda yana u bilan bog‘lanish niyatidaman”, degan Germaniya hukumati rahbari.
Shu bilan birga, Shols Ukrainada “adolatli tinchlik” o‘rnatish sharti Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish ekanligini ta’kidlagan. Uning nutqi davomida yig‘ilganlar orasida “muzokaralar”ga chaqiriqlar yangragan. Bunga Shols "muzokaralar normal holat" deb javob bergan.
"Gap kim kim bilan va nima haqida muzokara olib borishda", deya tushuntirgan u.
Aytish joizki, oldin ham Germaniya kanslerining o‘zi va uning matbuot xizmati vakillari Moskva bilan ikki tomonlama aloqalar zarurligini va Berlin ularni davom ettirmoqchi ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Shols va Putin oxirgi marta 2022 yil 2 dekabrda telefon orqali gaplashgan.