Shodmonov Bosh prokurorga shifokorlarni do‘pposlash holatlari bo‘yicha murojaat qildi
Jamiyat
−
03 Oktabr 2019
5309Avvalroq, Toshkentda 6-podstansiyaning tez tibbiy yordam shifokori Jahongir Xo‘jayevga nisbatan bemorning yaqinlari tajovuz qilgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov kecha, 2 oktyabr kuni 7-klinik shifoxonada davolanayotgan Jahongir Xo‘jayev holidan xabar oldi, uning sog‘lig‘i bilan qiziqdi. Respublikaning yetakchi mutaxassislari bilan konsilium o‘tkazib, Xo‘jayevning sog‘ayib ketishi uchun lozim bo‘lgan barcha chora-tadbirlarni ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berdi. Va shu kunning o‘zida bemorga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkentdagi 7-klinik shifoxonadan Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga davolanish uchun ko‘chirildi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov shifokorlarga tajovuz kilish kabi illatni oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan har bir noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat’iy javobgarlikni kuchaytirish barobarida uni nazoratga olish kerakligi bo‘yicha shu yilning 2 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qilgan.
O‘z navbatida Jahongir Xo‘jayev tibbiyot xodimlari obro‘sini yuksaltirish yo‘lida hamisha o‘z xissasini qo‘shishini qat’iy bildirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, shifokor-kardiolog Jahongir Xo‘jayev ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zining kaltaklanganiga oid ma’lumotlarni taqdim qilgan edi.
"Men Toshkent shahri 6-podstansiya tez-tibbiy yordam shifokori Jahongir Hojiyevman, meni 30 sentyabr kuni soat 00:40da kaltaklashdi, burnimni sindirib, jarohat yetkazishdi, miyam chayqaldi.
29 sentyabr kuni soat 22:51da chaqiriq kelib tushgan bo‘lsa, 12 daqiqada belgilangan manzilga yetib bordik. Bizni mast erkaklar qarshi olishdi va stullarda yotgan 28 yoshli qiz yoniga olib borishdi. Qizda psixomotor qo‘zg‘alish kuzatilayotgandi. Uning atrofida 20dan ortiq odam to‘planib olgan, hammasi tinimsiz baqirar, meni va sheriklarimni haqorat qilishardi. Men ulardan tinchlanishni va bemorga yordam berishimga xalaqit qilmaslikni so‘radim. Qizning hayotiy ko‘rsatkichlari me’yorida ekanligini tushuntirdim. Lekin ular men va feldsherni haqoratlashda davom ettirishdi. Men yordam ko‘rsatdim, qiz uxlab qoldi. Ma’lum vaqt o‘tib yana uyg‘ondi va yana qichqirishni boshladi.
Uni shahar 7-klinik shifoxonasiga olib ketdik. Qabulxonada nevropatolog chaqirtirdim, lekin qarindoshlari nevropatologni ham haqoratlashdi. Cho‘chib ketgan nevropatolog qizni reanimatsiyaga olib borishni so‘radi. U yerda shifokor va hamshiralar qizni tinchlantira boshlashdi. Lekin uning qarindoshlari bu bo‘limga ham kirib, shifokorlarni kamsitib, haqoratlab urishda davom etishdi. Men yo‘lakka chiqqanimda qizning akasi kutilmaganda boshi bilan yuzimga zarba berdi va burnimni sindirdi. Kuchli qon keta boshladi. Militsiya chaqirishga to‘g‘ri keldi. Ammo militsiya ham bu (...)larni qiyinchilik bilan tinchlantira oldi.
Qizga keyingi kuniyoq javob berishdi, chunki u butunlay sog‘lom edi.
Men hozirda 7-klinik shifoxonada "Burun suyaklarining yopiq sinib siljishi, miya chayqalishi va bosh miya suyagining aralash yopiq sinib jarohatlanishi, bosh miya chayqalishi» tashxisi bilan davolanyapman. Uchinchi kundirki biror kishi kelib ahvoling qalay, deb so‘ramadi.
2,5 yildan buyon tez tibbiy yordamda ishlayman. Odamlar shifokorlarga yildan-yilga yomonroq munosabatda bo‘layotganini ko‘rib turibman. Ayniqsa tez tibbiy yordam shifokorlari qiyin ahvolda. Har kuni shifokorlar do‘pposlanadi, zo‘ravonlar esa jazosiz qolaveradi.
Menga juda alam qiladi. 10 yil davomida kontrakt asosida juda katta mablag‘ to‘lab o‘qidim. Arzimas maosh evaziga ertalabdan kechgacha, chaqiriqdan-chaqiriqqacha ishlayman. Hammaga yordam berishga harakat qilaman, o‘z ustimda ishlayman. Buning hammasi uchun «minnatdorchilik» sifatida mana shu jarohatlarni oldim...
Vazirimizga savolim bor: nega biz haqimizda hech kim qayg‘urmayapti? Nega boshqa tizimlarda xodimlar manfaati uchun sezilarli o‘zgarishlar bo‘layotgan bir paytda sog‘liqni saqlash tizimida hatto ishlash xavfli bo‘lib qoldi?", degan edi Xo‘jayev o‘z murojaatida.
LiveBarchasi