Shohjahon Ergashev hammani aldayaptimi?

Sport

Mana bir necha yildirki o‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) kamari uchun jang qilaman, deb keladi, lekin chempionlik jangi haliyam o‘tkazilmadi. Ba’zilar Ergashev muxlislarni aldab kelmoqda desa, ba’zilar IBF o‘zbekistonlik bokschiga kamar uchun jang berishni paysalga solyapti demoqda. Yuqoridagi holatlarga oydinlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Shohjahon Ergashevning promouteri “Salita Promotions” prezidenti Dmitriy Salita bilan suhbat qilishga qaror qildi.

Salitaning aytishicha, iyul oyida Ergashev IBF kamari uchun majburiy da’vogar deb e’lon qilinadi va u tez orada chempionlik jangida qatnashadi.

Dmitriy Salita o‘zbekistonlik bokschiga yuksak darajada ishonch bildirishini, kelgusida u jahonning eng nomdor bokschilaridan biriga aylanishini ma’lum qildi.

Ta’kidlash joiz, Ergashev IBF kamarini qo‘lga kiritgach, professional faoliyatini yakunlamoqchi. Salitaning aytishicha, o‘zbekistonlik bokschi chempionlik jangida g‘olib bo‘lsa, keyinchalik u kamar uchun himoya janglarini ham o‘tkazishi kerak. 

Ma’lumki, Butunjahon boks tashkiloti (WBO) chempionlik kamari sohibi amerikalik Teofimo Lopes professional faoliyatini yakunladi. Shohjahon Ergashev ushbu yo‘nalish reytingining 4-pog‘onasida bormoqda. 

Xo‘sh, Salita Ergashevga WBO kamari uchun jang tashkil qilib bera oladimi?

"Men WBO bilan gaplashdim. Shohjahon WBO kamariga ancha yaqin nomzod. Uning 4-o‘rindaligi ko‘p narsani anglatmaydi. Qaysi yo‘l Shohjahon uchun jahon chempioni nomini olishda eng yaxshi yo‘nalish ekanligini baholab olishimiz kerak. Vaziyatni kuzatishda davom etamiz. Shohjahon bu kabi marralarni zabt eta oladi. Fikrimcha, u bugungi kunda dunyodagi eng kuchli zarbaga ega sportchilardan biri. Uning ortida O‘zbekiston turibdi. U chempion bo‘lishi bilan, albatta, dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan bokschisi sifatida tan olinadi. Chempionlikka juda oz qoldi. Bu kichik shaharchadan Qo‘shma Shtatlarga kelgan va o‘z ustida tinmay ishlagan, dunyoning eng yirik arenalarida jang qilgan Shohjahon Ergashevning ajoyib hikoyasi bo‘ladi. Qo‘shma Shtatlardagi odamlar Shohjahonni juda yaxshi ko‘radi. Aminmanki, u kelajakning super yulduzi bo‘la oladi”, deydi Dmitriy Salita.

O‘zbekistonda Shohjahon Ergashev va Shahram G‘iyosovning ehtimoliy jangiga qiziqish juda baland. “Salita Promotions” ushbu jangni O‘zbekistonda tashkil qila oladimi? 

"Aslida bu mahalliy savol. Bu jang xalqaro ahamiyatga ega emas. Men qachonki bir bokschi bilan hamkorlikni boshlasam, uni jahon chempioni qilishni o‘z oldimga maqsad qilaman. To‘g‘risini aytsam, men siz hozir ta’kidlab o‘tgan bokschini tanimayman, agar u dunyo miqyosidagi jangchi bo‘lsa va albatta, unga AQSH televideniyesi qiziqish bildirsa, biz bu jangni tashkil eta olamiz", deydi "Salita Promotions" prezidenti.

Xulosa qilishimiz mumkinki, Salitaning aytishicha, Ergashev tez orada IBF kamari uchun jang qiladi. Shuningdek, QALAMPIR.UZ Ergashevning amerikalik superyulduz Rayan Garsiyaga qarshi jang o‘tkazishi bo‘yicha savollarga ham aniqlik kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shohjahon Ergashev professional boks

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made