Imon Halif professional boksga o‘tmoqda
Sport
−
20 mart 3460 2 daqiqa
Gender mojarosi markazida qolgan Olimpiada chempioni Imon Halif professional boksga o‘tmoqda. Sportchining profi ringdagi debyut sanasi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “L’Equipe” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Halif o‘zining ilk professional jangini joriy yil 23 aprel kuni Parijda o‘tkazadi. Bahs har biri 2 daqiqadan iborat 6 raundga mo‘ljallangan. Boks oqshomi uning promouteri Brahim Aslum tomonidan tashkil etilmoqda. Professional boksga o‘tish uchun Halif endilikda Fransiya terma jamoasining sobiq ustozi Jon Dovi qo‘l ostida mashg‘ulot o‘tkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlari paytida Halif mojaroga aralashib qolgan edi. Uning transgender ekanligi haqidagi mulohazalar keng rezonans keltirib chiqardi. Bunga Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) shafeligida o‘tkazilgan 2023 yilgi Jahon chempionatidan sportchining chetlatilishi bilan bog‘liq vaziyat sabab bo‘lgandi. O‘sha yili Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) ushbu tashkilotni tan olishni to‘xtatgan edi.
IBA bayonotiga ko‘ra, Halif va tayvanlik sportchi Lin Yutinda DNK-testi davomida XY-xromosomalari (standart erkak kombinatsiyasi) va testosteron (asosiy erkaklik gormoni) darajasi yuqoriligi aniqlangan. Ilmiy nuqtai nazardan, bunday ma’lumotlar insonning jinsini 100 foiz kafolat bilan aniqlash imkonini bermaydi.
XOQ o‘tkazilgan testlarni asossiz va noqonuniy deb atab, har ikki sportchini 2024 yilgi Olimpiadaga kiritdi. XOQ rahbari Tomas Bax Halif va Yuy-Tin ayol hujjatlariga egaligi va ko‘p yillar davomida ayollar bilan bellashib kelganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu sportchilarni transgender yoki interseksual toifasiga kiritish uchun hech qanday asos yo‘q.
Hatto Jazoir Yoshlar va sport vaziri Abdurahmon Hammad ham bayonot bilan chiqdi. U X ijtimoiy tarmog‘ida sportchi Imon Halifga qarshi “asossiz hujumlarni” keskin qoraladi.
Halif esa 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritish niyati borligini e’lon qildi.
Live
Barchasi