G‘iyosov va Jalolov navbatdagi janglarida g‘alaba qozondi

Sport

image

Kecha, 14 noyabr kuni Toshkentdagi “Humo Arena” majmuasida professional boks oqshomi bo‘lib o‘tdi. Kecha davomida o‘zbekistonlik professional bokschilar Shahram G‘iyosov va Bahodir Jalolov o‘z janglarida muddatidan avval g‘alaba qozondi.

Oqshomda super og‘ir vazn toifasida mag‘lubiyatsiz kelayotgan Bahodir Jalolov nigeriyalik Solomon Adebayo bilan ringga ko‘tarildi. 8 raundga mo‘ljallangan jang 4-raunddayoq yakunlandi. Jalolov kuchli zarba bilan raqibini nokautga uchratdi. Shu tariqa, Bahodir Jalolov professional faoliyatidagi 17-jangida 17-g‘alabani qo‘lga kiritdi. Adebayo esa prof ringdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qildi.

Kechaning markaziy bahsida yarim o‘rta vazn toifasida WBA kamariga majburiy da’vogar bo‘lgan o‘zbekistonlik Shahram G‘iyosov rossiyalik Mark Urvanovga qarshi ringga chiqdi. 8 raundga belgilangan bu jang ham 4-raundda muddatidan avval yakunlandi. G‘iyosov raqibini texnik nokaut orqali mag‘lub etdi va professional faoliyatidagi 18-jangini 18-g‘alaba bilan yakunladi. Urvanov esa o‘zining 5-mag‘lubiyatini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, ushbu boks oqshomining faxrli mehmonlari sifatida ikki og‘ir vazn chempionlari ukrainalik Aleksandr Usik va amerikalik Terens Krouford tadbirga tashrif buyurdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 13 aprel tongida o‘zbekistonlik professional bokschi Shahram G‘iyosov Amerikaning Atlantik Siti shahrida o‘tkazilgan profboks kechasida ringga ko‘tarilib, profringdagi 17-g‘alabasiga erishgandi. 6 oktyabr kuni Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan “IBA Pro 10” turnirining markaziy jangida superog‘ir vazn toifasidagi o‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov rossiyalik Vitaliy Kuduxov bilan to‘qnash kelib,  ochkolar bo‘yicha g‘alabaga erishgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shahram G'iyosov professional boks Bahodir Jalolov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing