Shohasan Mirzamatov nega qozog‘istonlik jangchining “vizov”ini rad qildi?
Sport
−
15 avgust 2023
3424Avvalroq qozog‘istonlik aralash yakkakurash ustasi Georgiy Kichigin o‘zbekistonlik sportchi Shohasan Mirzamatovni chempionlik jangiga chorlagani, biroq u buni rad etayotgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston vakili QALAMPIR.UZ'ga aslida nima bo‘lganini ochiqladi.
Mirzamatovga ko‘ra, Qozog‘istonning Octagon ligasi uning janglardagi ishtirokidan mafaatdor, ya’ni u qatnashgan musobaqa kardlari tashkilotning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini oshirmoqda.
“Ularga mening ishtirokim kerak, chunki so‘nggi turnirda ham markaziy jangdagiga qaraganda eronlik sportchiga qarshi jangim ko‘proq tomosha qilingan. Liganing ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini ko‘rishingiz mumkin, men qatnashgan musobaqalar yoki mening janglarim qolganlaridan sezilarli darajada ko‘p ko‘rilgan. Tashkilotga esa media kerak shuning uchun ular endi harakatga tushib qoldi. Biroq hozir meni MPL bilan yangi shartnomam bor va jang belgilangan”, deydi sportchi.
Shuningdek, MMA ustasi Qozog‘iston promousheni bilan yuzaga kelayotgan muammolarga ham oydinlik kiritdi.
“Liga menga 1 yil uchun 3 ta shartnoma taklif qilyapti, bu juda uzoq muddat. Shu bilan birga, ular qo‘yadigan shartlar ham ko‘p, masalan, MPL'dagi shartnomam boshqa ligalarda jang qilishimga to‘sqinlik qilmaydi. Octagon’da esa bunday imkoniyat yo‘q. Ular taklif qilayotgan gonorar ham ancha kam – “4 ming + 4 ming” dollar, bu esa MPL to‘laydigan puldan ancha kam”, deydi Mirzamatov.
Ma’lumot uchun, Shohasan Mirzamatov faoliyati davomida jami 12 ta jangda qatnashib, ularning 10 tasida qo‘li baland kelgan va 2 marta mag‘lubiyatga uchragan. U oxirgi jangini joriy yilning 22 iyul sanasida eronlik raqibi Azadi-Farga qarshi o‘tkazib, birinchi raundning o‘zidayoq nokaut evaziga g‘alaba qozongan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shohasan Mirzamatovning zaxira jangchisi sifatida yoki UFC prezidentining Dana Whiteʼs Contender Series promousheni orqali tashkilot bilan shartnoma imzolashi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi.