Shohasan Mirzamatov zaxira jangchi sifatida UFC'ga o‘tishi mumkin
Sport
−
04 avgust 2023
3128O‘zbekistonlik MMA ustasi Shohasan Mirzamatov yaqinda dunyoning eng nomdor promoushenlaridan biri hisoblangan UFC bilan shartnoma imzolashi mumkin. Bu haqda sportchi QALAMPIR.UZ bilan bo‘lgan suhbatda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Mirzamatovning oldida UFC bilan shartnoma tuzish uchun ikkita yo‘l bo‘lib, birinchisi – menejerlarining harakatlari natijasini kutish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri promoushen a’zosiga aylanish, ikkinchisi esa – tashkilot prezidenti Dana Uaytning yana bir boshqa MMA tashkiloti hisoblangan Dana Whiteʼs Contender Series'da g‘alaba qozonish orqali shartnoma qo‘lga kiritish hisoblanadi.
“Bu sportga kirib kelgan hamma ham buni orzu qiladi. MMA'ning oxiri baribir UFC'ga borib taqaladi. Ha, men ham buni xohlayman va menejerlarim allaqachon bu yo‘ldagi ishlarni boshlab yuborgan. Hatto bir marta 84 kilogrammda Dana Whiteʼs Contender Series'da jang qilish va undagi g‘alaba orqali shartnomani qo‘lga kiritish imkoniyati ham yuzaga keldi. Biroq tizzamdagi jarohat sabab buni qo‘ldan chiqardim. Endi kutib turibman. Kecha ham menejerim shu haqida gapirdi. Balki o‘tish turniri orqali, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lishi mumkin“, deydi Mirzamatov.
Shuningdek, sportchi 2022 yilda qirg‘izistonlik sportchi Edil Esengulovdan qabul qilib olgan mag‘lubiyati uchun revansh olish haqida berilgan savolga ham javob berdi.
“Edil bilan 2-jang tashkil qilinishi biroz qiyin bo‘ladi, hatto unga ancha vaqt bordek. Chunki hozir u reytingda mendan ancha yuqorilab ketdi. Men Edildan revansh so‘rashim uchun yana ikki-uchta jangda yutishim va unga reytingda yaqinlashib olishim kerak“, deydi u.
Ma’lumot uchun, Shohasan Mirzamatov faoliyati davomida 12 ta jangda qatnashib, ularning 10 tasida qo‘li baland kelgan va 2 marta raqiblariga imkoniyatni boy bergan. U oxirgi jangini joriy yilning 22 iyul sanasida eronlik raqibi Azadi-Farga qarshi o‘tkazib, birinchi raundning o‘zida nokaut evaziga g‘alaba qozongan edi.
LiveBarchasi