Abduqodir har nega qodir – Sport dayjesti
Tahlil
−
09 fevral 9028 5 daqiqa
Yakunlayotgan hafta o‘zbek sporti uchun xushxabarlarga va biroz noxushroq xabarlarga ham boy bo‘ldi. Misol uchun mashhur o‘zbek MMA jangchisi avtohalokatga uchradi, Bahodir Jalolovning jangi juda bir kulgili sababga ko‘ra bekor qilindi. Shu bilan bir qatorda hafta o‘zbek shaxmatchilarining xalqaro arenalardagi yuqori natijalari va albatta hamon trenddan tushmayotgan Abduqodir Husanovning YeCHL o‘yinlari uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgani bilan yodda qoldi.
Shu mavzular yuzasidan bugun QALAMPIR.UZning sport dayjestida gaplashamiz.
Gvardiola Reysdan ko‘ra Husanovni afzal ko‘rdi
“Manchester Siti” yangi futbolchilarini rasman Chempionlar ligasi qaydnomasidan o‘tkazdi. Bu haqda “One Football” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “shaharliklar” yanvar oyida jamoaga olib kelingan futbolchilar Abduqodir Husanov, Omar Marmush va Niko Gonsalesni Chempionlar ligasi uchun qaydnomadan o‘tkazdi. Jamoa murabbiyi Pep Gvardiola braziliyalik markaziy himoyachi Vitor Reysdan ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovni ro‘yxatdan o‘tkazishga qaror qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Manchester Siti” Chempionlar ligasi pley-off o‘yinida “Real Madrid”ga qarshi maydonga tushadi. Bahs 12 fevralga o‘tar kechasi “Etihad” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Sovrin jamg‘armasi 750 ming dollarlik turnirda o‘zbek shaxmatchisi Karlsenni mag‘lub etdi
7 fevral kuni Germaniyaning Vayssenxaus shahrida shaxmat bo‘yicha nufuzli “Freestyle Chess Grand Slam” turniri start oldi.
Musobaqada ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov 5-turda norvegiyalik mashhur shaxmatchi Magnus Karlsenni qora donalarda mag‘lub etib, turnir peshqadamlaridan biriga aylanib oldi.
Hozirgacha Sindorov 5 ta imkoniyatda 4,5 ochko jamg‘argan. Amerikalik Fabiano Karuana ham xuddi shuncha ochkoga ega.
E’tiborlisi, Sindorov turnirning 4-turida hindistonlik amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan durang o‘ynadi.
Musobaqada Sindorovdan tashqari yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov ham ishtirok etmoqda. 5 ta turdan keyin Abdusattorov hisobida 2,5 ochko mavjud va hozirda Nodirbek turnir jadvalida 4-o‘rinda bormoqda.
Ma’lumot uchun, turnir bahslari 14 fevralga qadar davom etadi. Musobaqa sovrin jamg‘armasi 750 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Abdusattorov nufuzli turnirda sovrindor bo‘ldi
Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahri mezbonlik qilgan shaxmat bo‘yicha an’anaviy “Tata Steel Chess” musobaqasida o‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bu haqda turnir matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 2 fevral kuni yakunlangan musobaqaning oxirgi 13-turida Abdusattorov oq donalarda hindistonlik Pentala Harikrishnaga qarshi bahs olib borib, durang o‘ynadi va 8 ochko bilan turnirni 3-o‘rinda tugatdi.
“Masters” guruhida 1- va 2-o‘rinlar hindistonlik grossmeysterlar Gukesh Dommaraju va Rameshbabu Pragnandhaga nasib etdi. Har ikki hind shaxmatchisi 13 ta turda 8,5 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
“Challenger” guruhida qatnashgan Nodirbek Yoqubboyev turnirni 4-o‘rinda yakunladi. 13 ta turda 8 ochko jamg‘argan Yoqubboyevga kuchli uchlikka kirish uchun 0,5 ochko yetmadi. Bu guruhda g‘oliblik Chexiya vakili Van Nguyenga nasib etdi. Nguyen 13 ta turda 9,5 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
Yoqubboyev o‘yin oldidan shaxmat qoidalari bo‘yicha Rameshbabu Vaishalining qo‘lini siqib qo‘ymagandi va bu voqea muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Yangilangan FIDE reytingida Nodirbek Abdusattorovning o‘rni o‘zgarmadi. Butunjahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) yanvar oyi uchun yangilangan reytingni e’lon qildi. Ushbu reytingdan 5 nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi o‘rin oldi.
Mazkur reytingda Nodirbek Abdusattorov 2766 ochko jamg‘argan holda 6-o‘rinni band etdi. Uning avvalgi o‘rni ham shunday ko‘rinishda edi. Bu oyda Abdusattorovning reyting ochkolari 2 taga kamaydi. Avvalgisi 2768 ochko edi. Javohir Sindorov 31-o‘ringa ko‘tarildi. Uning o‘tgan oydagi o‘rni 37-o‘rin edi. Sindorov reyting ochkolarini 2700 taga yetkazdi. Eng kuchli shaxmatchilar reytingida Rustam Qosimjonov 2681 ochko jamg‘arib, 46-pog‘onada joylashgan. 2760 ochkoga ega Shamsiddin Vohidov 52-o‘rindan joy oldi. O‘tgan oyda 67-o‘rinda bo‘lgan Nodirbek Yoqubboyev 2659 ochko bilan bu oyda 68-o‘ringa tushib ketdi.
Jalolovning jangi labidagi uchuq sabab bekor qilindi
O‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolovning 7 fevral tongida bo‘lib etishi rejalashtirilgan fransiyalik Devid Spilmontga qarshi jangi bekor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev o‘z Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Tillaboyevning aytishicha, Jalolov jangdan oldingi tibbiy tekshiruvdan o‘ta olmagan. Gap shundaki, tibbiyot mutaxassislari Jalolovning labidagi uchuq sabab jangning o‘tkazilishiga ruxsat bermagan.
Qayd etilishicha, Jalolov tez orada boshqa turnirda jang o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, Jalolov-Spilmont jangi O‘zbekistonda o‘tkazilishi ham ehtimoli mavjud.
Ma’lumot o‘rnida, Jalolov professional faoliyatida 14 ta jang o‘tkazgan va barchasida nokaut evaziga g‘alaba qozongan. Uning so‘nggi jangi 2023 yilda Toshkentda o‘tkazilgan boks oqshomida Janubiy Afrika vakili Kris Tompsonni birinchi raundning o‘zida mag‘lub etgandi. Spilmont esa oxirgi jangini 2024 yilda o‘tkazgan va o‘shanda Artem Charniakevichni 4-raundda nokautga uchratgan.
O‘zbekistonlik mashhur MMA jangchisi avtohalokatga uchradi
Yarim o‘rta vazn toifasidagi o‘zbekistonlik MMA jangchisi Shohasan Mirzamatov avtohalokatga uchradi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi. Manbaga ko‘ra, baxtsiz hodisa taxminan 4-5 kun oldin Andijon viloyatida yuz bergan va hozirda u shifoxonada.
Shohasan Mirzamatov joriy yilning 23 fevral kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida tashkil etiladigan Octagon 70 turnirida Georgiy Kichiginga qarshi chempionlik jangini o‘tkazishi kerak edi. Biroq Mirzamatovning avtohalokat oqibatida olgan tan jarohatlari sabab ushbu jang bekor qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, Shohasan Mirzamatov professional faoliyati davomida 18 ta jang o‘tkazib, 14 g‘alaba va 4 mag‘lubiyat qayd etgan. Kichigin hisobida esa 31 g‘alaba va 10 ta mag‘lubiyat bor.
Live
Barchasi