Shirinlik fojiasi: o‘zbekistonlik kelin o‘g‘irlab ketilgani ma’lum bo‘ldi
3-sahifa
−
15:41 5028 2 daqiqa
Qozog‘istonda eri bilan shirinlik sabab kelib chiqqan mojaro ortidan vafot etgan Madina Avezovaning onasi qizining oilaviy hayoti haqida gapirdi. Bu haqda “Qumash.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, marhumaning onasi advokat Inga Imanbay bilan birga bloger Jan Axmadiyevga intervyu bergan. Onaning so‘zlariga ko‘ra, Madiyar qizi Madinani 17 yoshida uyidan o‘g‘irlab ketgan. O‘sha paytda qiz homilador bo‘lgan.
“Qizim sevib qolgani uchun turmushga chiqqan”, degan Madinaning onasi.
Uning aytishicha, hozir eng katta afsusi qizini o‘sha paytda uyiga qaytarib olmagani. Shuningdek, ayol Madinaning o‘z joniga qasd qilganiga ishonmayotganini bildirgan.
Onasining so‘zlariga ko‘ra, qizining tanasida ko‘karish va tirnalish izlari bo‘lgan, sochlariga esa tuproq va somon yopishib qolgan. Shu sababli u politsiyadan voqeani har tomonlama tergov qilishni so‘ragan.
Shuningdek, ayol qizining turmushi rasmiy to‘y bilan boshlanmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oilalar o‘rtasida na to‘y marosimi, na qudalik bo‘lgan, faqat yuz ochish marosimi o‘tkazilgan, xolos.
Bundan tashqari, marhumaning onasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan oilaning moddiy ahvoli haqidagi gap-so‘zlarni rad etgan. U Madiyar oilasiga muntazam ravishda yordam berib turganini ma’lum qilgan.
Xususan, Madiyarning otasi qamoqqa tushganida Madina onasidan 700 ming tenge so‘ragan va ayol bu mablag‘ni qiziga bergan. Bundan tashqari, Madina bir necha bor mebel va maishiy texnika xarid qilish uchun yordam so‘ragan. Tug‘ilgan kunida esa onasi qiziga muzlatgich olish uchun pul bergan.
Bloger Jan Axmadiyevning aytishicha, Madinaning yaqinlari uning buyumlarini erining uyidan olib ketmoqchi bo‘lganida, ularga narsalar berilmagan. Qarindoshlariga bu buyumlar endi o‘sha oilaga tegishli ekani aytilgan.
Madina oiladagi yagona farzand bo‘lgan. U joriy yilning 18 avgust kuni 19 yoshga to‘lishi kerak edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Madina shirinlik sabab eri bilan yuz bergan mojaro ortidan 19 yoshga to‘lmasidan vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi