Qozog‘istonda o‘zbekistonlik 19 yoshli kelin fojiali halok bo‘ldi

3-sahifa

image

Qozog‘istonning Jambil viloyatida 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Madina shirinlik sababli eri bilan yuzaga kelgan janjaldan so‘ng vafot etdi. Bu haqda “Qumash.kz“ xabar berdi.

Qayd etilishicha, qiz o‘limidan bir kun avval dugonasiga eri uni kaltaklagani va uydan ketmoqchi ekanini aytgan. Madina Merke tumanida vafot etgan. Politsiya holat yuzasidan o‘z joniga qasd qilishga olib borish moddasi bilan sudgacha tergov boshlagan.

Marhumaning dugonasining aytishicha, Madina eri bilan tez-tez kelishmovchilikka borib turgan va erkak unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani haqida bir necha bor shikoyat qilgan. Uning so‘nggi janjali sakkiz oylik farzandi uchun olib kelingan “Barni” biskviti tufayli yuzaga kelgan. Dugonasining so‘zlariga ko‘ra, eri bolasi uchun olib kelgan biskvitdan Madina 1 dona yegan. Shundan keyin erkak qizni urgan.

Ertasi kuni Madina dugonasiga yig‘ib qo‘ygan buyumlarining suratini yuborib, eri bilan yashamasligini bildirgan va ketmoqchi ekanini aytgan. Shuningdek, undan 15 ming tenge so‘ragan. Biroq kerakli mablag‘ o‘sha paytda topilmagan. Shundan so‘ng, Madina bilan aloqa uzilgan. Keyinroq uning qaynonasi dugonasiga qizning vafot etganini aytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Madina O‘zbekiston fuqarosi, uning eri esa Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan. Ular qariyb ikki yil davomida turmush qurib, birga yashagan va sakkiz oylik farzandni tarbiyalagan. Dugonasining aytishicha, Madina homilador ham bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Marhumaning dugonasi Threads’dagi sahifasida uning o‘limi holatiga shubha bildirgan. U voqeani to‘liq tergov qilishga chaqirgan va qizning tanasida jarohat izlari bo‘lganini aytgan. Biroq bu ma’lumotlar hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Jambil viloyati politsiyasi zarur tergov harakatlari olib borilayotganini bildirgan. Idora tergov yakunlanguniga qadar o‘lim sabablari va muayyan shaxslarning aybdorligi yuzasidan xulosa bermagan.

Marhumaning qarindoshlari va yaqinlari uning o‘limi bilan bog‘liq barcha holatlar sinchkovlik bilan aniqlanishini talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada 29 yoshli o‘zbekistonlik ayol o‘z joniga qasd qilib, vafot etgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing