“Shimoliy oqim”dan gaz sizib chiqishi to‘xtadi

Olam

image

Kecha, 2 oktyabr kuni shikastlangan “Shimoliy oqim” gaz quvuridan dengizga gaz sizib chiqishi to‘xtadi. Bu haqda Daniya energetika agentligi ma’lum qildi.

“Nord Stream AG” Daniya energetika agentligiga “Shimoliy oqim 1”ning ikkita quvur liniyasida barqaror bosimga erishilgani haqida ma’lum qilgan.Bu ikki tarmoqdagi sizish nuqtasidan gazni chiqarish ham yakunlanganidan dalolat beradi”, deydi Daniya agentligi.

Shunday qilib, gaz quvurining barcha to‘rtta teshigidan Boltiq dengiziga gaz sizishi to‘xtagan. Bir kun avval Daniya rasmiylari “Shimoliy oqim 2” quvurida barqaror bosimga erishilgani va undan gaz sizib chiqishi ham to‘xtagani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 sentyabr kuni bir necha soat ichida “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim-2”ga quvurida to‘rtta gaz sizish nuqtasi aniqlandi. Ulardan birinchisi Daniyaning Bornxolm oroli yaqinidagi “Shimoliy oqim-2”da aniqlangan. Keyin “Shimoliy oqim”da ikkita sizish qayd etildi. Daniya energetika agentligi dengizga katta miqdorda gaz tushgani haqida xabar berdi. So‘nggi to‘rtinchi sizish nuqtasi Shvetsiya hududida topildi. Samolyotlar va kemalarning hodisa sodir bo‘lgan joyga besh dengiz milidan yaqinroq kelishi taqiqlandi.

Yevropa Ittifoqi rasmiylari “Shimoliy oqim”ga ataylab zarar yetkazilganini aytmoqda. Shvetsiya va Daniyadagi seysmologik stansiyalar gaz sizib chiqqan hududda suv osti portlashlarini qayd etgan.

Hodisalarni Germaniya, Daniya va Shvetsiya tekshirmoqda. Nemis maxfiy xizmatlari bu g‘avvos yoki suv osti kemasidan foydalangan holda sabotaj bo‘lgan deb gumon qilmoqda. Ularning fikricha, gaz quvurlari tezda ta’mirlanmasa, ular abadiy yaroqsiz holga kelishi mumkin.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa “Shimoliy oqim”lardagi nosozlikni “angl-sakslar” qasddan uyushtirganini aytib chiqdi. Ammo angl-sakslar deganda kimni nazarda tutayotganini aniq aytmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shimoliy oqim

Baholaganlar

186

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing