Germaniya “Shimoliy oqim” gaz quvurlari portlatilishida Ukraina fuqarosini aybladi
Olam
−
02 iyul 3572 2 daqiqa
Germaniya Bosh prokuraturasi 2022 yilda Boltiq dengizidagi “Shimoliy oqim-1” va “Shimoliy oqim-2” gaz quvurlarida yuz bergan portlashlar yuzasidan Ukraina fuqarosi Sergiy K.ga rasman ayblov e’lon qildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Germaniya qonunchiligiga muvofiq ayblanuvchining familiyasi to‘liq oshkor etilmagan. Uning advokatlari ayblov xulosasi topshirilganini tasdiqlagan, biroq ayblov tafsilotlarini ochiqlamagan.
Nemis OAVlarining xabar berishicha, prokuratura Sergiy K.ni fuqarolik energetika infratuzilmasiga hujum qilish, portlash sodir etish hamda muhim inshootlarni vayron qilishda ayblamoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2022 yil sentyabrda Daniyaning Bornxolm oroli yaqinida “Shimoliy oqim” quvurlariga portlovchi qurilmalarni o‘rnatgan guruh harakatlarini muvofiqlashtirgan. Guruh “Andromeda” nomli yelkanli yaxtadan foydalangani aytilmoqda. Tergovchilarning fikricha, guruh tarkibida koordinator, kapitan, to‘rt nafar chuqur suv g‘avvosi va portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan.
Prokuratura Sergiy K.ni guruh rahbari va operatsiya koordinatori deb hisoblamoqda. Biroq u o‘zini aybsiz deb bilib, ushbu hodisaga aloqadorligini rad etgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Shimoliy oqim” quvurlaridagi portlashlar Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan bir necha oy o‘tib sodir bo‘lgan edi. Hodisa Rossiya gazini Yevropaga yetkazib beruvchi asosiy yo‘nalishlardan birini ishdan chiqarib, ayniqsa Germaniyada energetika inqirozining kuchayishiga olib kelgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, Sergiy K. hodisa vaqtida Ukraina maxsus kuchlarining ofitseri bo‘lgan. U o‘tgan yilning avgust oyida Italiyada qo‘lga olingan va noyabr oyida Germaniyaga ekstraditsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi (YeI) 2027 yil 1 noyabrgacha Rossiyadan gaz olishni butunlay taqiqlashi haqida xabar qilingandi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust