Shimoliy Koreyaga qochib o‘tgan amerikalik harbiy aybini tan olmoqchi
Olam
−
28 avgust
12521O‘tgan yili Shimoliy Koreyaga qochib o‘tgan AQSH armiyasining ikkinchi darajali oddiy askari Trevis King 14 ta ayblovdan beshtasi, jumladan, qochish, buyruqqa bo‘ysunmaslik va serjantga hujum qilish kabi ayblarni tan olishga tayyor. Bu haqda uning advokati Frenk Rozenblatga tayanib, CNN xabar berdi.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, aybni tan olish to‘g‘risidagi kelishuv shartlari bo‘yicha boshqa ayblovlar, jumladan, bolalar pornografiyasini tayyorlashga undash va uni saqlash kabi ayblovlar olib tashlanadi. 20 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan harbiy sud majlisida King o‘z aybini tan oladi va “nima qilganini tushuntiradi”. Shundan so‘ng unga hukm o‘qilishi zarur.
Ma’lumot uchun, Trevis King o‘tgan yil iyul oyida Shimoliy va Janubiy Koreyani ajratib turuvchi demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tib, Shimoliy Koreyaga qochib ketgan. U Janubiy Koreyadagi Amerika harbiy bazalaridan birida xizmat qilgan va u yerda bir necha marta intizomiy jazoga tortilgan.
U qochib ketganidan so‘ng, Amerika hukumati Shvetsiya vositachiligida uning qaytishi borasida muzokaralarni boshladi. KXDR rasmiylari uni sentyabr oyi oxirida AQSHga ekstraditsiya qilishga rozi bo‘ldi. King Texasdagi Fort Bliss harbiy bazasi yaqinidagi qamoqxonada saqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shimoliy koreyalik harbiy Janubiy Koreyaga qochib o‘tgan edi.
LiveBarchasi