Shimoliy Koreya Janubiy Koreyani “qo‘g‘irchoq” deb atadi
Olam
−
17 iyul 4053 2 daqiqa
Shimoliy Koreya davlat OAVsi Janubiy Koreyani AQSH boshchiligidagi dengiz harbiy mashg‘ulotlarida ishtirok etgani uchun “qo‘g‘irchoq” deb atadi. Bu haqda Shimoliy Koreyaning Markaziy telegraf agentligi o‘tgan hafta Gavayida bo‘lib o‘tgan Rim of the Pacific (RIMPAC) dengiz harbiy mashg‘ulotlaridan so‘ng xabar qildi.
Mazkur harbiy yig‘inda Janubiy Koreya dengiz floti ilk bor mashg‘ulotlardagi dengiz kuchlariga rahbarlik qilgan. Qayd etilishicha, Pxenyan Seul va Vashington mintaqada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday “kutilmagan keskinlashuv” uchun javobgar bo‘lishini bildirgan.
RIMPAC dunyodagi eng yirik xalqaro dengiz harbiy mashg‘uloti hisoblanadi va har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi mashg‘ulotlarda Yaponiya, Kanada va Avstraliyani o‘z ichiga olgan 30 ga yaqin davlat ishtirok etgan.
“Janubiy Koreya qo‘g‘irchoq kuchlari asosiy ishtirokchilardan biri sifatida qatnashdi”, deyiladi agentlik axborotida.
Agentlik buni Janubiy Koreya va Yaponiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik, shuningdek, Seulning NATO bilan munosabatlari tobora kuchayib borayotgani bilan bog‘lagan.
Bu Pxenyanning qariyb bir yil uch oy ichida ilk bor Janubiy Koreyaga nisbatan “qo‘g‘irchoq” atamasini ishlatishidir. Bundan avval bunday ibora 2025 yil aprel oyida Janubiy Koreya harbiy havo kuchlari samolyotidan yoqilg‘i baki va qurol uskunalari mashg‘ulot vaqtida Kanvondo viloyatining tog‘li hududiga tushib ketgan voqeadan keyin qo‘llangan edi.
Manba, shuningdek, RIMPAC mashg‘ulotlari “shartli raqibga qarshi oddiy mashqlar emas”, balki AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan Hind-Tinch okeani mintaqasidagi davlatlarga qarshi qaratilgan “urush namoyishi” ekanini iddao qilgan.
“Bu faktlarning barchasi dunyo tinchligi va xavfsizligi asoslarini aynan qaysi kuchlar izdan chiqarayotganini ko‘rsatadi hamda o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, Koreya yarimoroli va mintaqada istalmagan vaziyatlar yuzaga kelishi mumkinligidan darak beradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, bu tanqidlar Shimoliy Koreya dengiz kuchlarini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Shu oy boshida Markaziy telegraf agentligi mamlakat rahbari Kim Chen In yangi 5 ming tonnali Kang Kon esminetsi bortida strategik qanotli raketa uchirilishi va turli qurol tizimlari sinovini kuzatganini xabar qilgan edi.
Live
Barchasi