Kim chegara yaqinida yangi qurollarni sinovdan o‘tkazdi
Olam
−
10:43 1458 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakatning raketa dasturini modernizatsiya qilish va Janubiy Koreya bilan chegaradagi o‘t ochish qudratini kuchaytirish doirasida o‘tkazilgan muhim qurol-yarog‘ sinovlarini shaxsan kuzatdi. Bu haqda bugun, 26 iyun kuni mamlakat Markaziy telegraf agentligi (KCNA) xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sinovlar 1950–1953 yillardagi Koreya urushi bo‘lgan yillar munosabati bilan o‘tkazilgan. Unda takomillashtirilgan 240 millimetrli 24 quvurli ko‘p zaryadli raketa tizimi, taktik ballistik raketalar hamda 155 millimetrli o‘ziyurar gaubitsa sinovdan o‘tkazilgan. KCNA’ning ma’lum qilishicha, yangilangan ko‘p zaryadli raketa tizimi avtonom aniq nishonga yo‘naltirish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, uning zarba berish masofasi 90 kilometrgacha oshirilgan.
Kim Chen In sinov natijalaridan mamnunligini bildirib, Pxenyan qurol-yarog‘ dasturlarida avtomatlashtirish, uzoq masofaga zarba berish va “o‘ta yuqori aniqlik”ni ta’minlashni maqsad qilganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bu ishlar mamlakatning janubiy chegarasi, ya’ni amalda Janubiy Koreya bilan chegaradagi mudofaa salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan.
So‘nggi yillarda Pxenyan o‘zining taktik va an’anaviy qurol-yarog‘ zaxirasini muntazam takomillashtirib kelmoqda. Shuningdek, mamlakat Janubiy Koreya chegarasi yaqiniga yangi qurollarni joylashtirish niyatini bir necha bor bildirgan.
Kyonnam universiteti qoshidagi Uzoq Sharq tadqiqotlari instituti professori Lim Il Chxolning fikricha, bu harakatlar Shimoliy Koreyaning janubiy chegarani yanada mustahkamlash va yadroviy hamda an’anaviy qurol kuchlarini yagona tizimga integratsiya qilish sa’y-harakatlari tezlashayotganini ko‘rsatadi.
“Asosiy maqsad – oldingi chiziqda joylashgan bo‘linmalarni taktik yadroviy qurol va yuqori aniqlikda zarba berish imkoniyatlari bilan to‘liq ta’minlash, natijada butun Janubiy Koreyani zarba doirasiga kiritishdir”, degan u.
Janubiy Koreya Birlashuv vazirligi esa ushbu sinovlar Shimoliy Koreyaning besh yillik mudofaa sohasini rivojlantirish rejasining bir qismi ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, may oyida ham Shimoliy Koreya zamonaviy urush sharoitlari uchun mo‘ljallangan taktik ballistik raketalar, artilleriya raketalari va sun’iy intellekt asosida nishonga yo‘naltiriladigan yuqori aniqlikdagi qanotli raketalar sinovini o‘tkazganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi