Shimoliy Koreya Pxenyandan ballistik raketa uchirdi
Olam
−
13 aprel 2023
5635Bugun, 13 aprel kuni Shimoliy Koreya Pxenyan chekkasidan Yapon dengizi tomon o‘rta yoki uzoq masofali ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Koreya Respublikasi Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib, “Yonhap” agentligi xabar berdi.
Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, raketa uchirish mahalliy vaqt bilan 07:23 da (Toshkent vaqti bilan 03:23) qayd etilgan. U taxminan 1000 km masofani bosib o‘tgan. Snaryad yuqori burchak ostida uchirilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar raketa normal burchak ostida otilganida, u taxminan 5000 km masofani bosib o‘tishi mumkin edi. 5500 kilometrdan ortiq masofaga uchadigan raketalar esa qit’alararo ballistik raketalar qatoriga kiradi, shuning uchun ham Pxenyan qit’alararo raketani uchirgani taxmin qilinmoqda.
“Biz AQSH bilan yaqin hamkorlikda kuzatuv va hushyorlikni kuchaytirishga to‘liq tayyormiz. Shimol tomonidan ballistik raketa uchirilishi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarining ochiqdan-ochiq buzilishi hamda Koreya yarim oroli hamda butun dunyoda tinchlik va barqarorlikka putur yetkazuvchi qo‘pol provokatsiyadir”, deyiladi Koreya Respublikasi shtab boshliqlari qo‘mitasi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Shimoliy Koreya radioaktiv sunamini keltirib chiqara oladigan suv osti yadroviy zarba beruvchi dronni sinovdan o‘tkazgan edi. Shuningdek, Kim Chen In Shimoliy Koreya harbiylariga haqiqiy urushga tayyorgarlik ko‘rish uchun mashqlarni kuchaytirishni buyurgan edi. 4-7 aprel kunlari esa KXDRning Haeil-2 droni suv ostida 1000 kilometr masofani bosib o‘tgan va sinov kallagini portlatgandi.
LiveBarchasi