Shimoliy Koreya yangi raketalarni sinovdan o‘tkazdi

Olam

−

image

Shimoliy Koreya suvosti kemalaridan uchirilishi mo‘ljallangan qanotli raketalarni sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda DW xabar berdi.

Qayd etilishicha, raketa sinovi kecha, 14 oktyabr kuni Koreya yarimorolining sharqiy sohilidagi suvlarda o‘tkazilgan. Sinovdan ko‘zlangan maqsad suvosti jangovar tizimlarining tayyorligini tekshirish va mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari salohiyatini oshirish bo‘lgan.

Raketalar haqiqiy suvosti kemasidan yoki suv ostidagi sinov platformasidan uchirilgani aniq emas. Shimoliy Koreya davlat OAVlari ularni strategik qurol deb ta’riflagan. Bu raketalar yadroviy kallaklar bilan jihozlanishi mumkinligiga ishora qiladi, biroq maqolada bu tasdiqlanmagan.

Qayd etish joiz, Pxenyan so‘nggi haftalarda turli qurollarni sinovdan o‘tkazib, AQSH va Janubiy Koreyaga qarshi harbiy tiyib turish salohiyatini oshirishga intilmoqda. Mamlakat zamonaviy raketa suvosti kemalari, ballistik va qanotli raketalarni ishlab chiqish ishlarini ham davom ettirmoqda. Biroq Shimoliy Koreya zamonaviy raketa suvosti kemasini to‘liq ish holatida ishga tushirgani hozircha ma’lum emas.

So‘nggi voqealar Kim Chen Inning mamlakatdagi yangi harbiy muzeyga tashrifidan ikki kun o‘tib yuz berdi. Shimoliy Koreya davlat OAVlari yetakchining tashrifi aks etgan suratlarni e’lon qilgan. Muzeyda AQSH hududigacha yetib borishi mumkin bo‘lgan qit’alararo ballistik raketa ham namoyish etilgan.

Kim Chen In mamlakat yadroviy arsenalini kuchaytirish ustuvor vazifa ekanini ta’kidlagan. Pxenyan AQSH ilgari surayotgan yadroviy qurolsizlanish masalasini muhokama qilishga tayyor emas.

Shu bilan birga, Kim Chen In va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida ehtimoliy uchrashuv masalasi ham kun tartibiga chiqdi. Tramp prezidentlik davrining birinchi muddatida Shimoliy Koreya yetakchisi bilan uch marta uchrashgan. AQSH rahbari kelasi oy Osiyoga safari chog‘ida Kim bilan uchrashishi mumkinligini bildirgan.

Ayni paytda Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar keskinligicha qolmoqda.

Pxenyan Seul bilan barcha muvofiqlashtirish ishlarini to‘xtatgan, shuningdek, mamlakat konstitutsiyasidan Koreya yarimorolini birlashtirishga oid qoidalarni olib tashlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon ballistik raketa uchirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing