Kim Chen In yangi suv osti dronini sinovdan o‘tkazdi
Olam
−
24 mart 2023
8112Shimoliy Koreya yangi yadroviy qurolga ega suv osti hujumi uchun mo‘ljallangan dronni sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shimoliy Koreyaning yangi droni sinov paytida 59 soatdan ko‘proq vaqt davomida suv ostida 80-150 metr chuqurlikda harakatlangan va sharqiy sohildagi suvlarda yadroviy bo‘lmagan yukni portlatib yuborgan.
Mazkur dron Haeil yoki “sunami” deb nomlangan. U dushman suvlarida yashirin hujumlar uyushtirish, suv osti portlashi orqali katta radioaktiv to‘lqin hosil qilish va dengiz zarbalari bilan asosiy portlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan.
“Ushbu yadroviy suv osti hujumi droni istalgan qirg‘oq va portga joylashtirilishi yoki foydalanish uchun yer usti kemasi tomonidan tortib olinishi mumkin”, deyiladi agentlik xabarida.
Manbaga ko‘ra, sinovlarni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning o‘zi nazorat qilgan. Biroq hozirda Pxenyan tomonidan o‘zining kichikroq qurollariga sig‘ishi uchun zarur bo‘lgan kichraytirilgan yadro kallaklarini to‘liq ishlab chiqilgani haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Shimoliy Koreya muhandislari mamlakatga turli sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish imkonini beruvchi raketa uchun kuchli dvigatel yasashga muvaffaq bo‘lgandi.
LiveBarchasi