Shifokor Guljahon Yo‘ldosheva uyiga, oilasi bag‘riga qaytdi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva uyiga, oilasi bag‘riga qaytdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova Toshkent viloyati Chirchiq shahar prokuraturasidan xabar bermoqda. 

Ma’lumotlarga qaraganda, Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan ochilgan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tegishli tartibda o‘rganib chiqilgan. Shundan keyin ayblanuvchi Yo‘ldosheva ayol ekani, shuningdek olti nafar voyaga yetmagan farzandning onasi ekani inobatga olinib, Bosh prokurorning tashabbusi bilan unga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi uy qamog‘i ehtiyot chorasiga o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqilgan. Bugun, 6 oktyabr kuni Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimov tomonidan sudga tegishli iltimosnoma yuborilgan va sud tomonidan prokuror iltimosnomasi qanoatlantirilgan.

Kecha, 5 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva prokuraturadan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘rab chiqqan edi

Yo‘ldosheva ishi 

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi

U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi. 

Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi

Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
 
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.

Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.


Maqola muallifi

Teglar

Guljahon Yo'ldosheva

Baholaganlar

252

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing