Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Koreya sanoat-texnologik alyansi tuzishni taklif qildi
Jamiyat
−
13:07 256 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Son Suk bugun, 15 sentyabr kuni qo‘shma biznes forumning ochilishida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tadbirda ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili, jumladan, yetakchi moliya institutlari, yirik sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari rahbarlari ishtirok etgan.

Xususan, Janubiy Koreya tomonidan “Lotte Chemical”, “Hyundai Motor Group”, “Samsung C&T”, “CJ Group”, “Shinhan Financial Group”, “Hyundai Rotem”, “KIND”, “BOMI”, “Kia Corporation”, “Sampyo Group”, “Hansae Mobility” kabi yirik kompaniyalar qatnashgan.
Davlat rahbari o‘z so‘zida Koreya O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti va alohida strategik sherigi ekanini, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik esa O‘zbekiston – Koreya ko‘p qirrali hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan birini tashkil etishini ta’kidlagan.

Yetakchi koreys kompaniyalarining O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritib, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgani alohida qayd etilgan.
“Bugun O‘zbekiston industrial va texnologik taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Shu bois, o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda”, deyiladi axborotnomada.

Mamlakat yetakchisi tomonidan O‘zbekistonning resurs salohiyati, Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va ikki mamlakat kompaniyalarining investitsiyaviy imkoniyatlarini birlashtirish orqali yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini yaratish taklif etilgan.
Prezident, shuningdek, kelgusida iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergan. Xususan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishning to‘liq zanjirlarini shakllantirish, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va zamonaviy infratuzilma, raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika, biotexnologiya va farmatsevtika, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, kadrlar tayyorlashda hamkorlik qilish va boshqa yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, Koreya kompaniyalari misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, robototexnika va avtomatlashtirish, biotexnologiya va farmatsevtika, gidroenergetika, energiyani saqlash tizimlari, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga taklif etilgan.

Sanoat-texnologik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning amaliy mexanizmi sifatida O‘zbekiston – Koreya sanoat-texnologik alyansini tuzish taklif etilgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda koreys biznesining faoliyati uchun kelgusida yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahridagi o‘ziga ajratilgan qarorgohda Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xan Son Sukni qabul qilgandi.
Live
Barchasi