Shavkat Mirziyoyev kelasi hafta safarga chiqadi
Jamiyat
−
16 fevral 2020
13224O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kelasi hafta safarga chiqadi. Davlat rahbarining navbatdagi manzili – Turkiya.
QALAMPIR.UZ manbasining xabar berishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi 19-20 fevral kunlariga mo‘ljallangan.
Tashrif doirasida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rajab Toyib Erdo‘g‘an raisligida Oliy darajadagi Strategik Kengashning ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston rahbari 2019 yil oxirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy dunyo yozuvchilari, ziyolilari va san’atkorlari jamg‘armasi (Türk Dünyası Yazarlar ve Sanatçılar Vakfı –TURKSAV) tomonidan ta’sis etilgan “Turkiy dunyo tiklanishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.
Tashrif doirasida TURKSAV mukofotini topshirish marosimi o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Mukofot Anqarada Turkiya parlamenti, hukumati, keng jamoatchiligi, ishbilarmon doiralari va san’at arboblari ishtirokida tantanali tarzda topshirilishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv 2019 yilning 15 oktyabr kuni Baku shahrida – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sammiti doirasida o‘tkazilgan edi. Oxirgi bor davlat rahbarlari joriy yilning 5 fevral kuni telefon orqali muloqot qildilar.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasiga ilk tashrifini 2017 yilning 25-26 oktyabr kunlari amalga oshirgan edi.
Shuni ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilda amalga oshirayotgan ilk xorijiy tashrifi. Joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida Prezidentning Rossiyaga amalga oshirilishi rejalashtirilgan tashrifi yuzasidan o‘zgarishlar yuz berib, tashrif yoz oylariga ko‘chirilgan edi.