Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Ayni vaqtda o‘tayotgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonda ro‘y bergan voqealarga munosabat bildirdi: 

"So‘nggi kunlarda biz uchun yaqin qo‘shni va qardosh bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi.

Biz ming yillar davomida qozoq xalqi bilan yaqin qo‘shni bo‘lib, birgalikda yonma-yon yashab kelganmiz. Bizni umumiy tarix, urf-odat va madaniyat bog‘lab turadi. Kelajagimiz ham o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.

Shu kunlarda men Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qildim. O‘zbekiston xalqi nomidan butun Qozog‘iston eli va rahbariga barqarorlik hamda farovonlikni ta’minlash borasidagi barcha sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni bildirdim.

Fursatdan foydalanib, ushbu voqealarda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va barcha yaqinlariga yana bir bor chuqur ta’ziya va hamdardlik izhor qilaman. Jabrlangan insonlar ham tez orada sog‘ayib ketishiga tilakdoshman.

Yaratganga shukrki, qo‘shni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin o‘z iziga tushib bormoqda, davlat tuzilmalari va ijtimoiy muassasalar o‘z faoliyatini qayta tiklamoqda, odamlar osoyishta hayotga qaytmoqda.

O‘z o‘tmishida ko‘plab murakkab sinovlarni boshidan kechirgan donishmand qozoq xalqi bu og‘ir kunlarni ham tez orada mardona yengib o‘tishiga hamda yanada yakdil va hamjihat bo‘lishiga ishonaman", deydi davlat rahbari.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

195

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made