Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi yordamchisini qabul qildi
Jamiyat
−
18 avgust 2023
3547Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish masalalari bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda uzoq muddatli Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish borasida BMT institut va markazlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Dastavval Miroslav Yencha Shavkat Mirziyoyevga tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomini yetkazgan. BMT tuzilmalari bundan buyon ham Yangi O‘zbekistonning islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi qayd etilgan.
Aytish joizki, keyingi yillarda O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi yaxshilanib bormoqda. Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Bosh assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash komissiyasi, UNESCO'ning madaniy meros bo‘yicha qo‘mitasi va ko‘plab boshqa tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda.
Joriy yilning birgina ikkinchi yarmida mamlakatimizda BMT doirasidagi qator muhim xalqaro tadbirlar, shu jumladan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha FAO konferensiyasi hamda Jahon turizm tashkiloti bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuvda barqaror taraqqiyot sohasidagi milliy vazifa va maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqilgan. Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va bu jarayonda BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rolini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan ertaga, 19 avgust kuni amaliy tashrif bilan Budapesht shahriga borishi haqida xabar berilgan edi. Tashrif davomida O‘zbekiston Prezidenti faxriy mehmon sifatida Vengriya davlat bayrami – avliyo Ishtvan kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etadi hamda Budapeshtda o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatining erkaklar o‘rtasidagi yugurish musobaqalari finaliga ham borishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi