Shartimizni bajarmasa, NATOga kirishi bo‘yicha gap bo‘lishi ham mumkin emas – Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlyandiya haqida

Olam

image

Turkiya Anqara terrorchi deb hisoblagan tashkilotlarga qarshi kurashish shartlarini bajarmasdan turib, Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu haqda respublika Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ostona “uchligi” sammitida ishtirok etib, Tehrondan qaytgach, jurnalistlariga aytib o‘tdi. 

"Biz Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish masalasi bo‘yicha o‘z pozitsiyamizni NATO Bosh kotibi ishtirokidagi muzokaralar stolida juda aniq belgilab oldik. Hech qanday sir yo‘q. Bizning shartimiz shuki, bu davlatlar o‘z hududida terrorchi tashkilotlar faoliyatini to‘xtatib, o‘zlarida bo‘lgan terroristlarni ekstraditsiya qilishlari kerak. Agar ular bizning shartlarimizni bajarmasalar, bu jarayon [NATOga qo‘shilish]ga ijobiy qarashimiz haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deydi Prezident. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Shvetsiya Oliy sudi Fathulloh Gulen boshchiligidagi FETO terror tashkiloti yetakchilaridan birini Turkiyaga ekstraditsiya qilishni to‘xtatdi.

Gap Afg‘onistondagi Gulen jinoiy tashkiloti tarafdorlarining 2018 yilda Shvetsiyada yashash va ishlash ruxsatnomasini olgan 48 yoshli “imom”i haqida ketmoqda. Bu shaxs shifrlangan xabarlar almashish uchun FETO a’zolari tomonidan qo‘llaniladigan bylock dasturidan faol foydalangan. 

Biroq, Shvetsiya sud tizimiga ko‘ra, bylock dasturidan foydalanish Gulen tashkilotiga hamdardlik "Shvetsiyada jinoyat hisoblanmaydi", shu sababli Turkiyaga ekstraditsiya qilish jarayoni to‘xtatilgan. 

Shu bilan birga, Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Ann Linde TT axborot agentligiga bergan intervyusida, Stokgolmda Skandinaviya mamlakatining NATOga a’zoligi uchun Anqaraning roziligini olishga, hatto, bu yangi yilgacha amalga oshishini, biroq bunga ishonchlari komil emasligini aytdi. 

Vazirning urg‘ulashicha, 2019 yildan buyon Anqaradan Stokgolmga jinoiy faoliyatda gumon qilingan shaxslarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha jami 16 ta so‘rov kelib tushgan. Ulardan to‘qqiz nafari Shvetsiyada bo‘lmagani uchun ekstraditsiya qilinmagan, Qirollik Oliy sudi to‘rt nafarini ekstraditsiya qilmaslikka qaror qilgan, uch nafari Anqaraga topshirilgan. 

Shvetsiya va Finlyandiya masalasi

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.

30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

34

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing