Erdo‘g‘an Qilichdoro‘g‘lini sudga berdi
Olam
−
09:48
3786Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatning asosiy muxolif partiyasi – Respublika Xalq partiyasining sobiq raisi Kamol Qilichdoro‘g‘liga qarshi sudga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda Erdo‘g‘anning advokati Huseyin Aydinga tayanib, “Takvim” xabar berdi.
Huseyin Aydinga ko‘ra, Prezident sobiq raqibidan ma’naviy zarar yetkazgani uchun 500 ming turk lirasi (taxminan 14,5 ming AQSH dollari) miqdorida tovon talab qilgan. 2016 yil 15 iyul kungi davlat to‘ntarishiga urinishidan so‘ng Erdo‘g‘an siyosiy muhokamalarda o‘zaro hurmat muhitini o‘rnatish umidida Qilichdoro‘g‘liga qarshi ilgari kiritgan barcha da’vo arizalarini qaytarib olgan. Biroq oradan sakkiz yil o‘tgan bo‘lsa-da, Qilichdoro‘g‘li bu masalada hech qanday ijobiy o‘zgarish ko‘rsatmagan va aksincha, uning xatti-harakatlari o‘ta qo‘pollik darajasiga yetgan.
Shundan so‘ng advokat Erdo‘g‘anning siyosiy muhokamalarda hurmatni ta’minlashdagi urinishlari muvaffaqiyatsiz bo‘lganini qayd etgan va Prezidentning huquqlari jiddiy ravishda buzilganini ta’kidlagan. Shu sababli Qilichdoro‘g‘li ustidan Anqara Bosh prokuraturasida jinoiy ish ochilgan. Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudiga ma’naviy zarar uchun tovon to‘lash talabi bilan murojaat qilingan.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda Turkiyada ikki bosqichda prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Birinchi bosqichda hech bir nomzod 50 foizdan ortiq ovoz ololmagani sababli, 28 may kuni ikkinchi bosqich saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda amaldagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an g‘alaba qozondi.
Erdo‘g‘an ikkinchi bosqichda ovozlarning 52,18 foizini qo‘lga kiritib, asosiy raqibi, muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘lini ortda qoldirdi. Bu bilan Erdo‘g‘an yana 5 yil muddatga prezident lavozimida qoladigan bo‘ldi. Qilichdoro‘g‘li esa 47,82 foiz ovoz oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH prezidentligiga saylangan Donald Tramp mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari unga qarshi chiqqanini aytib, sudga “New York Times”, CBS kabi nashrlar ustidan milliardlab dollar miqdorida da’vo arizalari kiritgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi