Shaxsiy manfaatlarini kasbiy majburiyatlaridan ustun ko‘rayotgan bir qator rahbarlar ham bor – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

Bugun, 28 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishida ishtirok etyapti. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

“Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulug‘lashni eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etdik va bu borada katta o‘zgarishlarni boshladik. Yangi O‘zbekiston bu – huquqiy davlat ekanligini yangilangan Konstitutsiyamizda ham muhrlab qo‘ydik. Yagona maqsadimiz – adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash orqali xalqimizni rozi qilishdan iborat”, deydi davlat rahbari so‘zining avvalida.

Qayd etilishicha, birgina oxirgi ikki yil ichida huquq-tartibot faoliyatiga oid 10 ta qonun, 40 ga yaqin Prezident farmon va qarorlari, 60 dan ortiq hukumat qarorlari qabul qilingan.

Shuningdek, huquq-tartibot organlari, ayniqsa ichki ishlar xodimlarining oylik maoshi keskin oshirildi va ko‘plab imtiyozlar berilgan. Bevosita “mahalladagi beshlik” uchun 30 mingdan ortiq yangi shtatlar kiritilgan.

“Aslida ham, aholining tinchligini ta’minlash mahalladan boshlanishi kerak. Lekin mahallada jinoyatchilikni jilovlash ahvolidan xalqimiz qanchalik rozi?” deya savol qo‘ygan Prezident.

Misol uchun, o‘tgan olti oyda mahallalarda barvaqt oldini olish mumkin bo‘lgan 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan. Qotillik va tan jarohati bilan bog‘liq jinoyatlarning 50 foizi oilaviy-maishiy nizolar va muntazam janjallar oqibatida, o‘g‘rilikning 70 foizi ishsizlik va moddiy yetishmovchilik sabab, yoshlar va o‘smirlar jinoyatlari, asosan, oiladagi muhit va huquqiy savodxonlik yetishmasligi tufayli sodir bo‘lmoqda.

Shuningdek, ayrim huquq-tartibot idoralari rahbarlari jinoyatchilikning oldini olishda jilovni qo‘yib yuborgan.

"Ular orasida shaxsiy manfaatlarini kasbiy majburiyatlaridan ustun ko‘rayotgan, huquq-tartibot idoralarida ishlashga nomunosib bo‘lgan bir qator rahbarlar ham bor", deydi davlat rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Farg'ona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing