Shaxmat: ertaga Toshkentda xalqaro turnir yakunlanadi. Kimlar g‘oliblikka da’vogar?
Sport
−
21 avgust 2021
3379Ertaga, 22 avgust kuni Toshkentdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida o‘zbekistonlik birinchi grossmeyster Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan XIV an’anaviy xalqaro turnir o‘z yakuniga yetadi.
Ortda qolgan 8-turdan keyin g‘oliblik uchun ikki nafar shaxmatchi da’vogarlik qilyapti. Bular – armanistonlik Shant Sargisyan hamda o‘zbekistonlik Nodirbek Yoqubboyev.
7-tur yakunlariga ko‘ra, 5,5 ochko bilan peshqadamlar safida kelayotgan hamda qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, birinchi pog‘onani egallab turgan Nodirbek Abdusattorov 8-turda oq donalarda o‘ynagan bo‘lishiga qaramay o‘z jamoadoshi Jahongir Vohidovga imkoniyatni boy berdi. Natijada Abdusattorov 4-o‘ringa tushib ketdi.
8-turda Sargisyan o‘z hamyurti Tigran Arutunyanni, Yoqubboyev esa qora donalarda o‘ynashiga qaramay eronlik Aryan Golamini mag‘lub etdi. Natijada Sargisyan va Yoqubboyev o‘z ochkolari sonini 6,5 taga yetkazib olgan holda ta’qibchilaridan o‘zib ketib, so‘nggi tur oldidan g‘oliblik uchun asosiy da’vogarga aylandi.
Abdusattorov ustidan qozonilgan g‘alaba esa Vohidovga 6 ochko bilan 3-o‘ringa ko‘tarilib olish imkonini berdi. Unda ham chempionlik uchun imkoniyat saqlanib qolgan.
4-11-o‘rinlarda borayotgan shaxmatchilar esa bir xil – 5,5 tadan ochko jamg‘arishgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi tur o‘yinlari ertaga, 22 avgust kuni soat 9:00 da boshlanadi.
LiveBarchasi