Shaffof tergov o‘tkazishga chaqiramiz – AQSH Qoraqalpog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi
Olam
−
06 iyul 2022
12243AQSH Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar yuzasidan xavotir bildirib, barcha taraflarni zo‘ravonlikdan tiyilib, ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqiradi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti saytidagi bayonotda aytiladi.
"Biz yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga ta’ziya bildiramiz va jarohatlanganlarga hamdardmiz.
Biz O‘zbekistonning demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Hukumatni fundamental huquqlarni, jumladan tinch yig‘ilish va fikr bildirish erkinligini himoya va hurmat qilishga undaymiz. Bular O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘z zimmasiga olgan majburiyatlari.
Qoraqalpog‘istondagi voqealar bo‘yicha rasmiylarni xalqaro normalar va ilg‘or tajribalar asosida to‘liq, ishonchli va shaffof tergov o‘tkazishga chaqiramiz. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini uzoq yillar davomida qo‘llab-quvvatlab keladi", deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi