SHHT sammiti: Bishkekdagi kengashda “kattakonlar” nimalarni muhokama qiladi?

Tahlil

image

Joriy yilning 1 sentyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, “SHHT plyus” formatida yuqori darajadagi uchrashuv ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. QALAMPIR.UZ kutilayotgan nufuzli uchrashuv to‘g‘risida quyida qisqacha ma’lumot berib o‘tadi.

Avvalo, mazkur tadbirlarda oliy darajadagi rasmiylar va mamlakat rahbarlari umumiy mavzular doirasida nimalarni muhokama qilishlari ma’lum bo‘lsa, tor doiralardagi uchrashuvlar va “kichik stollar” atrofidagi “gurunglar” ayni nimalar haqida o‘tishi, ulardagi kun tartibida turgan mavzular nima ekanligi hozircha mavhum bo‘lib qolmoqda. 

Sammitdagi kun tartibida o‘zi nimalar bor?

Bildirilishicha, tadbirlarda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari va vakillari, taklif etilgan mamlakatlar hamda qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni, tashkilotni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qiladi.

Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, raqamli, ekologik va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

“SHHT plyus” formatidagi kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvda esa BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi rolini va xalqaro huquqni mustahkamlash, barqaror rivojlanishga ko‘maklashish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

Manbalarning qayd etishicha, sammit yakunida SHHTning 25 yilligiga bag‘ishlangan “Bishkek deklaratsiyasi” qabul qilinishi kutilmoqda.

Shuningdek, yakunda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va tashkilot faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan hujjatlar hamda qarorlar imzolanadi, davlat rahbarlarining qator tematik bayonotlari qabul qilinadi.

Qo‘shni mamlakat nashrlarining ma’lum qilinishicha, bo‘lajak sammit Qirg‘izistonning 2025-2026 yillardagi SHHTga raisligi doirasidagi asosiy yakuniy tadbir bo‘ladi. Raislik “SHHTga 25 yil: barqaror tinchlik, taraqqiyot va farovonlik sari birgalikda” shiori ostida o‘tmoqda.

Avvalroq Bishkekda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti ishtirokchilarining ro‘yxati xabar qilingan edi. Unda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va yana bir qator xalqaro mehmonlar ham o‘rin olgandi.

Mezbonning mehmonlar uchun taraddudi qanday?

Ma’lum qilinishicha, bugun, 30 avgust kuni Xitoy rahbari Si Szinpin Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan mamlakatga davlat tashrifini amalga oshiradi.

Qirg‘iz nashrlariga ko‘ra, SHHT sammiti va VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlariga tayyorgarlik hamda ularni o‘tkazish davrida Qirg‘izistonda xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. 

Hattoki sammit davrida Bishkek aholisidan shaharni vaqtincha tark etish so‘ralgan. Qirg‘iziston Prezidentining matbuot kotibi Asqat Olag‘ozov, avvalroq rasman Bishkek aholisini ushbu kunlarni iloji bo‘lsa, Issiqko‘lda yoki boshqa dam olish maskanlarida o‘tkazishga chaqirgan.

Uning ta’kidlashicha, birinchi marta 21 davlat yetakchilari Qirg‘izistonga bir vaqtning o‘zida tashrif buyuradi, ularning ba’zilari rasmiy davlat tashriflarini rejalashtirgan. 

“Maktab o‘quvchilari va universitet talabalari 15 sentyabr kuni darslarga qaytadilar. Shuning uchun 1 sentyabrgacha Bishkekka shoshilishning hojati yo‘q. Qirg‘izistonliklar ta’tillarini 15 sentabrdan ancha oldin rejalashtirishlari mumkin”, degandi Olag‘ozov.

Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash va transport tizimiga tushadigan yuklamani kamaytirish maqsadida esa 31 avgust va 1 sentyabr kunlari Bishkekda yirik savdo markazlari, bozorlar hamda rasmiy delegatsiyalar harakatlanadigan yo‘nalishlardagi ayrim yerosti o‘tish joylari yopilishi aytilgan.

Bundan tashqari, SHHT sammiti va VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari davomida Bishkekda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida 15 mingdan ortiq militsiya xodimi jalb etilishi reja qilingan.

Keng ko‘lamli tadbirlar munosabati bilan 30 avgustdan boshlab poytaxtning ayrim ko‘chalari hamda yo‘l uchastkalarida transport harakatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi belgilangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing