Pashinyan “o‘zidan ketdi”: Armaniston Rossiyadan yuz o‘girib, Yevropani tanlamoqda

Tahlil

Reklama
0:00

Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ommaviy axborot vositalari uchun ochiq qismda tomonlar Armanistonning Yevropa Ittifoqiga intilishi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi (YeOII) kelajagi va Rossiya bilan munosabatlari yuzasidan bir-birining pozitsiyasini ochiqchasiga rad etdi. Uchrashuv tashqi tomondan do‘stona va xotirjam ko‘ringan bo‘lsada, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy tafovut qanchalik chuqurlashganini ko‘rsatdi. Putin Armaniston Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lidan borsa, YeOII bilan bir vaqtning o‘zida hamkorlik qila olmasligini ta’kidladi. Pashinyan esa Yerevan hozircha Rossiya boshchiligidagi iqtisodiy ittifoqdan chiqish haqida gapirmayotganini, Yevropa integratsiyasini boshlash esa mamlakatning qonuniy huquqi ekanini bildirdi.

Armaniston tanlov qilishi kerak – Putin

Uchrashuvning boshida Vladimir Putin Rossiyaning Armaniston iqtisodiyotidagi o‘rniga e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, Rossiyaning Armaniston iqtisodiyotidagi hissasi qariyb 30 foizni tashkil etadi. Ya’ni Rossiya Armanistonning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash esa yil boshidan buyon 2,5 milliard dollarga yetgan. Putin, shuningdek, Armanistondagi eng yirik soliq to‘lovchilar qatorida Rossiya kompaniyalari borligini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, Armaniston YeOIIga qo‘shilganidan keyin mamlakat yalpi ichki mahsuloti uch barobarga oshib, 29 milliard dollarga yetgan. Biroq Putin uchun uchrashuvdagi asosiy masala iqtisodiy ko‘rsatkichlar emas, balki Yerevanning tashqi siyosiy yo‘nalishi bo‘ldi. Armaniston so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishga intilmoqda. Yerevan 2025 yilda Yevropa integratsiyasini boshlashga oid qonunni qabul qilgan. Pashinyan esa yaqinda mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza berish jarayonini boshlashi mumkinligini bildirgan.

Putin buni YeOII uchun jiddiy siyosiy signal sifatida baholamoqda. Rossiya prezidentining fikricha, boshqa iqtisodiy tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash amalda YeOIIdan chiqishga teng.

“Siz chiqish haqida e’lon qilmaganingizni aytdingiz. Boshqa iqtisodiy tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi amalda bizning tashkilotdan chiqish haqidagi bayonotni anglatadi. Chunki u yerda ham, bu yerda ham bir vaqtning o‘zida bo‘lish mumkin emas”, degan u.

Rossiyaga qarshi emasmiz – Pashinyan

Nikol Pashinyan esa bu yondashuvga qo‘shilmadi. Uning ta’kidlashicha, Armaniston Rossiya va YeOII doirasidagi huquqiy majburiyatlarini tahlil qilgan va Yevropa Ittifoqiga intilish mavjud kelishuvlarni avtomatik ravishda buzmaydi. Pashinyan YeOII to‘g‘risidagi kelishuvda tashkilotdan chiqish tartibi aniq ko‘rsatilganini eslatdi. Unga ko‘ra, a’zo davlat ittifoqdan chiqish niyatida bo‘lsa, bu haqda hamkorlarini olti oy oldin ogohlantirishi kerak, xolos. 

Armaniston Bosh vaziri Yevropa Ittifoqiga intilishni mamlakat xalqining alternativ tanlovga ega bo‘lish huquqi sifatida ko‘rsatdi. Uning ta’kidlashicha, Yerevanning Yevropa bilan yaqinlashuvi Rossiyaga qarshi qaratilgan jarayon emas va Armaniston Moskva bilan munosabatlarini ham qadrlaydi. Biroq Pashinyanning eng muhim bayonotlaridan biri Armanistonning hozircha Rossiya va Yevropa o‘rtasida yakuniy tanlov qilishga tayyor emasligini ko‘rsatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish imkoniyati hozircha faqat “muqobil” sifatida mavjud. Agar bu imkoniyat real holatga aylansa, Yerevan shundan keyin yakuniy qaror qabul qiladi.

Putin referendum talab qilmoqda

Tomonlarning asosiy qarama-qarshiligi referendum masalasida ham ko‘rindi. Putin Armanistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tanlovi demokratiya bilan hal qilinishi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti, shuningdek, Pashinyanning avvalroq referendum o‘tkazish mumkinligi haqidagi bayonotlarini eslatdi. U 29 may kuni YeOIIga a’zo to‘rt davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan bayonotda Armanistonga YeIga qo‘shilish yoki YeOII tarkibida qolish masalasini “eng qisqa muddatlarda” umumxalq ovoziga qo‘yish taklif qilinganini ta’kidladi. Putin Pashinyanga xalqdan qaysi yo‘lni tanlashini so‘rash qiyin emasligini aytib, piching qildi. Armaniston Bosh vaziri vaziyat Putinning talqinidagidek ekaniga qo‘shilmadi. Pashinyanning aytishicha, Yerevan Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi shartnomaviy-huquqiy bazani, shuningdek, YeOII hujjatlarini tahlil qilgan va mamlakatning o‘z majburiyatlarini buzganini ko‘rsatuvchi holat aniqlanmagan.

“Biz bundan oldin ham, keyin ham Rossiya Federatsiyasi va Armaniston o‘rtasidagi mavjud shartnomaviy bazani, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi shartnomaviy bazani tahlil qildik va ochig‘ini aytganda, Armanistonning Rossiya Federatsiyasi va YeOII oldidagi majburiyatlari buzilganini topmadik”, dedi Pashinyan.

Armaniston Bosh vaziri 2025 yilda mamlakatning YeIga qo‘shilish jarayonini boshlash to‘g‘risida qabul qilingan qonun ham Armanistonning Rossiya va YeOII oldidagi majburiyatlarini buzmasligini ta’kidladi. Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, YeOII to‘g‘risidagi shartnomada ittifoqdan chiqishning alohida tartibi belgilangan. Biroq Armaniston hozircha ushbu tartibni boshlamagan.
Bosh vazir nima sababdan 2025 yilda referendum o‘tkazish o‘rniga YeIga qo‘shilish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga qaror qilinganini ham tushuntirdi.

“Ushbu qonunni qabul qilish orqali biz, aslida, referendum o‘tkazish g‘oyasidan voz kechdik”, dedi Pashinyan.

Pashinyan esa parlament tomonidan qabul qilingan Yevropa integratsiyasiga oid qonun referendum zaruratini amalda yo‘qqa chiqarganini aytib, Putinning og‘zini “yopdi”.

“Hozir bizda amalda muqobil variant yo‘q, bu muqobil hali real ravishda yaratilmagan. Qachonki u yaratilsa, agar yaratilsa, o‘shanda, albatta, referendum orqali yoki referendumsiz tanlov qilamiz”, dedi Armaniston Bosh vaziri.

Shu tariqa, Moskva masalani umumxalq ovoz berishi orqali hal qilish tarafdori bo‘lsa, Yerevan parlament qarorini yetarli siyosiy asos sifatida ko‘rmoqda. Uchrashuvning ochiq qismida Putin Pashinyanning fikrlariga yana bir bor e’tiroz bildirib, Yevropa integratsiyasi bo‘yicha qonun qabul qilinishining o‘zi Armanistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kelajagi masalasini kun tartibiga qo‘yishini aytdi.

Pashinyan rus tilini “ignor” qildi

Bishkekdagi SHHT sammitida Pashinyanning boshqa MDH davlatlari rahbarlaridan farqli ravishda rus tilida emas, arman tilida nutq so‘zlagani ham muhokamalarga sabab bo‘ldi. Sababi, tashkilotning rasmiy muloqot tili rus tili hisoblanadi. Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari aynan rasmiy til – rus tilida chiqish qilgan bir paytda, Pashinyan tarjimon orqali arman tilida so‘zga chiqdi. Ajablanarlisi, u ilgari bunday tadbirlarda odatda rus tilida nutq so‘zlagan va mazkur tilni yaxshi biladi.

Qirg‘izistonning “Oy o‘rdo” (“Fikr markazi”) ekspert tashabbuslari markazi rahbari Igor Shestakov Pashinyanning arman tilida chiqish qilganini Armanistonning Yevroosiyo integratsiyasidan uzoqlashish jarayoni bilan bog‘lagan.

“Nikol Pashinyanning SHHT+ formatidagi sammitda davlat tilida so‘zga chiqqani Armaniston rahbarining Yevroosiyo integratsiyasi va ehtimol, kelajakda MDHdagi ishtirokidan yana bir qadam chekinganidan dalolat beradi”, degan Shestakov.

Ekspert Pashinyan rus tilini yaxshi bilishini ta’kidlab, uning arman tilida nutq so‘zlaganida siyosiy signal bo‘lishi mumkinligini aytgan.

“Yerevan so‘nggi paytlarda Yevropa Ittifoqiga intilmoqda. O‘ylaymanki, Armaniston Bosh vaziri shu yo‘l bilan YeIga a’zo bo‘lish uchun qo‘shimcha ochko ishlashga qaror qilgan bo‘lishi mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Eski gina: Armaniston Rossiyadan arazlagan(mi)di?

Putin va Pashinyan o‘rtasidagi hozirgi ziddiyatni faqat Yevropa Ittifoqi masalasi bilan izohlash qiyin. Rossiya va Armaniston munosabatlaridagi sovuqlashuvga Qorabog‘ masalasi ham katta ta’sir ko‘rsatgan. 2020 yildagi Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin Armanistonda Rossiyaning xavfsizlik kafolatlariga nisbatan norozilik kuchaydi. 2022 yilda Ozarbayjon bilan yangi qurolli to‘qnashuv yuz berganida Yerevan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga murojaat qilgan, biroq KXSHT Armaniston kutgan darajada harbiy yordam ko‘rsatmagan. Natijada Armaniston 2024 yilda KXSHTdagi ishtirokini muzlatdi va tashkilotni moliyalashtirishdan bosh tortdi. Pashinyan 27 avgust kuni e’lon qilingan hukumat dasturi doirasidagi bayonotida ham Rossiya bilan munosabatlarni avvalgidek “strategik hamkorlik” deb atash uchun asoslar o‘zgarganini ochiq bildirgandi. Shu bilan birga, Yerevan Rossiya bilan iqtisodiy va harbiy aloqalarni to‘liq uzgani yo‘q.

Rossiya uchun yana bir muhim omil – Armaniston iqtisodiyotining Moskvaga bog‘liqligi. Biroq so‘nggi davrda bu bog‘liqlikni kamaytirishga urinishlar ham kuchaymoqda. 2026 yil bahoridan Rossiya Armanistondan import qilinadigan ayrim qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlariga cheklovlar joriy qila boshladi. Bular qatorida meva-sabzavot, ko‘kat, gullar, mineral suv, spirtli ichimliklar, sut va baliq mahsulotlari bor. Natijada yanvar–iyun oylarida Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 20,9 foizga kamayib, 3,33 milliard dollardan 2,63 milliard dollargacha tushgan. Ayni paytda Armaniston eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga urinmoqda. Shu davrda mamlakatning Yevropa Ittifoqiga eksporti 80 foizga oshib, 287 million dollardan 516 million dollarga yetgan. Yevropa ham Yerevanning Rossiya bozoriga qaramligini kamaytirish jarayonini qo‘llab-quvvatlamoqda. Armanistonga eksportni qayta yo‘naltirish uchun 52 million yevro miqdorida yordam ajratilgan va bir qator tovarlar uchun bojxona to‘lovlari yengillashtirilgan.

Putin Rossiya bazasini Armanistonda xor qildirib qo‘ymoqchi emas

Siyosiy va iqtisodiy kelishmovchiliklar fonida Rossiyaning Armanistondagi harbiy mavjudligi masalasi ham tobora muhimlashmoqda. Rossiyaning Gyumridagi 102-harbiy bazasi 1995 yildan buyon Armaniston hududida faoliyat yuritadi. Dastlab 25 yilga tuzilgan kelishuv 2010 yilda qayta ko‘rib chiqilib, baza faoliyati 2044 yilgacha uzaytirilgan. 1 sentyabr kuni Bishkekdagi SHHT sammiti yakunlari bo‘yicha jurnalistlar bilan suhbatda Putin Armaniston Rossiya harbiy bazasiga ehtiyoj sezmasa, Moskva uni mamlakatdan hatto ertagayoq olib chiqishga tayyorligini aytdi.

“Agar Armanistonga Gyumridagi Rossiya bazasi kerak bo‘lmasa, biz ertagayoq ketamiz”, degan Rossiya rahbari.

Bu bayonot Rossiyaning Armanistondagi harbiy ishtiroki Yerevanning xohishiga bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Biroq hozircha Armaniston Rossiya bazasini chiqarish bo‘yicha rasmiy qaror qabul qilgani yo‘q. Pashinyan 2026 yilning iyunida Rossiya harbiy bazasini mamlakatdan chiqarish rejasi yo‘qligini bildirgan edi.

Armaniston qaysi tomonni tanlaydi?

Bishkekdagi uchrashuv Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi asosiy muammo aslida bitta masalaga – Yerevanning geosiyosiy yo‘nalishiga borib taqalishini ko‘rsatdi. Rossiya Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvini YeOII va Moskva bilan mavjud strategik aloqalarga tahdid sifatida ko‘rmoqda. Putin uchun masala oddiy: Armaniston bir vaqtning o‘zida Rossiya boshchiligidagi iqtisodiy ittifoq va Yevropa Ittifoqining to‘laqonli a’zosi bo‘la olmaydi.

“Yevropa Ittifoqi va YeOIIda bir vaqtning o‘zida bo‘lish mumkin emas. Agar siz Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlash to‘g‘risida qonun qabul qilgan bo‘lsangiz, demak, niyatingizni bizga bildirdingiz”, degan Putin.

Pashinyan esa hozircha tanlov qilishga shoshilmayapti. Yerevan Rossiya bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni saqlab qolgan holda Yevropa bilan yaqinlashish imkoniyatini ochiq qoldirmoqchi. Ammo bu ikki yo‘nalishni uzoq muddat davomida bir vaqtning o‘zida olib borish qanchalik mumkinligi – asosiy savol bo‘lib qolmoqda. Bishkekdagi muloqotda Putin aynan mana shu nuqtaga urg‘u berdi: Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayoni real bosqichga o‘tsa, Armaniston baribir tanlov qilishiga to‘g‘ri keladi. Pashinyanning javobi esa hozircha Yerevan bu tanlovni kelajakdagi vaziyatga qarab amalga oshirishini ko‘rsatmoqda. Shu sababli Putin va Pashinyanning Bishkekdagi ochiq muloqoti katta signal bo‘ldi. Armaniston Rossiyaning an’anaviy ta’sir doirasidan asta-sekin uzoqlashib, Yevropa bilan integratsiyani kuchaytirayotgan bir paytda Moskva o‘zining Yerevandagi iqtisodiy, siyosiy va harbiy ta’sirini saqlab qolishga urinmoqda. Endi masala Armanistonning Rossiya yoki Yevropadan qaysi birini tanlashi hamda Yerevan bu ikki yo‘nalishni bir vaqtning o‘zida qancha vaqt davomida muvozanatda ushlab tura olishida. Ammo Bishkekdagi uchrashuvda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga intilishi yuzasidan keskin fikrlar bildirilgan bo‘lsa-da, Vladimir Viladimiravich Nikol Vovayi bilan Qirg‘izistonda pachakilashib o‘tirgisi kelmadi, shekilli, uni Rossiya poytaxtiga taklif qilib qo‘ya qoldi.

“Men uni (Pashinyanni) Moskvaga shoshilmasdan, uning mutaxassislari va bizning mutaxassislar bilan o‘tirib, har bir bandni ko‘rib chiqishimiz uchun taklif qildim. U yerda aniq savollar bor. Aytaylik, temir yo‘l, uni rivojlantirish masalalari. Bunday infratuzilmaga sarmoya kiritish tashuvlar hajmiga bog‘liq. Tashuvlar hajmi bormi? Agar bo‘lsa, biz istalgancha sarmoya kiritamiz. Tashuvlar hajmi bo‘lmasa – na sarmoya, na rivojlanish bo‘ladi”, deydi Putin.

Armaniston Bosh vaziri ham ikkila yetakchi Moskvada uchrashishga kelishib olganini tasdiqladi. 

“Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaxshi uchrashuv o‘tkazdim. Samimiy va konstruktiv muloqotni Moskvaga yaqin oradagi tashrifim davomida davom ettirishga kelishib oldik. Shuni qayd etish kerakki, Armaniston va Rossiyaning ikki tomonlama munosabatlari har ikki davlat uchun juda muhim va biz bu munosabatlarga juda ehtiyotkorona yondashamiz, Prezident Putin boshchiligidagi Rossiya ham ehtiyotkorona yondashadi. Ammo shuni ham ta’kidlash kerakki, yangi muhitda, yangi sharoitlarda bu munosabatlar o‘zgarishga muhtoj va bu o‘zgarish natijasida, ishonchim komilki, munosabatlar yaxshiroq – yanada konstruktiv, foydali va iliqroq bo‘ladi”, deydi u o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilingan videomurojaatida.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing