Zelenskiy Rossiya Ukrainaga “sovg‘a” tayyorlayotganini aytdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Ukrainaga yangi yirik hujum tayyorlayotgani haqida razvedka ma’lumotlari borligini bildirdi. Bu haqda u Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Zelenskiy kecha, 22 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasi doirasida Britaniya Bosh vaziri Endi Bernem bilan uchrashuvi haqida Telegram orqali ma’lumot berib, Ukraina yangi havo mudofaasi vositalarini ta’minlash masalasida ittifoqchilari bilan doimiy aloqada ekanini aytgan.

“Hozir Rossiya Ukrainaga yangi ommaviy hujum tayyorlayotgani haqida razvedka ma’lumotlari bor”, deb yozgan Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, ukrainaliklar har kuni raketa va dronlar hujumi xavfi ostida yashayotgan bir paytda Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Rossiya qo‘shinlari uzoq vaqtdan beri Ukrainaga dronlar va raketalar bilan yirik tungi hujumlar uyushtirib kelmoqda. Biroq so‘nggi haftalarda ular taktikani o‘zgartirib, kun davomida ham uzluksiz zarbalar bermoqda.

Moskva so‘nggi oylarda reaktiv dvigatelli dronlardan ham foydalana boshladi. Bunday qurilmalar balandroq parvoz qilishi va havo mudofaasidan qochishi mumkin, natijada ular Ukrainada biznes, davlat muassasalari va oddiy aholi hayotiga avvalgidan ham kattaroq ta’sir ko‘rsatmoqda.

Zelenskiy Nyu-Yorkda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkagan. Tomonlar, jumladan, energetika ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv ehtimolini muhokama qilgan.

“Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Donetsk viloyatida sekin ilgarilamoqda, biroq front chizig‘ida ko‘p oylar davomida katta o‘zgarish kuzatilmagan. Ukraina esa Rossiya hududidagi, jumladan neft sanoati ob’ektlariga zarbalar bermoqda.

Zelenskiy, shuningdek, Nyu-Yorkda “The Wall Street Journal” nashriga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin urushda na g‘alaba qozonayotgani, na mag‘lub bo‘layotganini aytgan.

“Jang maydonidagi vaziyat Putin uchun muvaffaqiyatli emas. U g‘alaba qozonayotgani yo‘q, bu haqiqat. Ammo u mag‘lub ham bo‘layotgani yo‘q, chunki uning uchun insonlarning halok bo‘lishi mag‘lubiyat hisoblanmaydi. Biroq uning jamiyati odamlarini yo‘qotmoqda”, degan Zelenskiy.

Uning fikricha, Putin hozircha urushni to‘xtatishi kerak, deb hisoblamayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina harbiy rahbariyati “Rossiya hujumlariga javoban uzoq masofaga harakat qiluvchi qurollardan foydalangan holda” yangi operatsiyalarni kelishib olgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing