Rossiya Ukrainaning 3 ta viloyatini bombaladi
Olam
−
13:42 1088 2 daqiqa
Rossiya Qurolli kuchlari kecha, 22 sentyabr tunidan boshlab Ukraina hududlariga dronlar va aviabombalar bilan zarbalar bermoqda. Hujumlar Kiyev, Zaporoje shahri hamda Xarkov viloyatining ayrim hududlariga qaratildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kiyev shahrining bir nechta tumanlari hujum ostida qolgan. Solomenskiy tumanida transport korxonasi hududida yong‘in chiqqan. Goloseyevskiy tumanida esa ombor yongan va Rossiya droni yonilg‘i quyish shoxobchasiga urilgan.
Darnitsa tumanida hujum oqibatida yana bir yonilg‘i quyish shoxobchasining tomi yonib ketgan. Shuningdek, dron transport infratuzilmasi ob’ektiga kelib tushgan. Kiyevdagi hujumlarda 3 kishi jarohatlangan.
Zaporoje shahrida Rossiya zarbasi oqibatida savdo markazlaridan biri yongan. Yong‘in aks etgan fotosuratlarga ko‘ra, gap “Amstor” savdo markazi haqida ketmoqda. Hujum oqibatida 2 kishi jarohatlangan.
Xarkov viloyatida esa Rossiya qo‘shinlari Izyum shahriga aviabombalar bilan zarba bergan. Hujum oqibatida ko‘p qavatli uylar zarar ko‘rgan va zarba berilgan hududda yong‘in chiqqan. 8 kishi, jumladan bir bola jarohatlangan.
Xarkov shahrida Rossiya dronlari kechqurun Kiyev tumanidagi avtomobillarga bir necha marta hujum qilgan. Buning oqibatida 1 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya harbiylari Zaporoje shahriga ommaviy hujum uyushtirgandi. Hujum oqibatida 2 ta to‘qqiz qavatli turar joy binosi zarar ko‘rgan va ularda yong‘in chiqqan. Shuningdek, savdo markazlaridan biri hamda oliy ta’lim muassasasining binosi yonib ketgan. 5 kishi jabrlangan, yana 5 kishi qutqarilgan va 14 kishi yonayotgan binolardan evakuatsiya qilingan.
Live
Barchasi