Yevroittifoq Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi
Olam
−
10:17 850 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Rossiyalik milliarderlar Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishga kelishdi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning doimiy vakillari USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda “Alfa-grupp” hammuassisi Mixail Fridmanni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatida jami qariyb 3 ming nafar jismoniy va yuridik shaxs bor. Ilgari ushbu cheklovlar har 6 oyda barcha 27 davlatning roziligi bilan uzaytirib kelingan. Yangi kelishuvga ko‘ra, sanksiyalar 2029 yil 22 sentyabrga qadar amal qiladi.
Usmonov va Fridmanga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish masalasi so‘nggi haftalarda YeI davlatlari o‘rtasida kelishmovchiliklarga sabab bo‘lgandi. Avval Slovakiya, keyin Fransiya Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilgan. Lyuksemburg esa Fridmanga nisbatan cheklovlarni bekor qilishni so‘ragan.
Fransiya o‘z talabini milliy xavfsizlik masalalari bilan izohlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Parijning Usmonov bo‘yicha pozitsiyasi Ozarbayjon bilan mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar bilan bog‘liq bo‘lgan. Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni Turkiya va O‘zbekiston ham ilgari qo‘llab-quvvatlagan.
Fridman masalasida Lyuksemburgning pozitsiyasi esa biznesmenning mamlakat hukumatiga qarshi 16 milliard dollarlik da’vosi bilan bog‘langan. U mazkur da’voni 2024 yilda aktivlari muzlatilganiga javoban kiritgan.
Kecha, 22 sentyabr holatiga ko‘ra, Latviya Usmonov va Fridmanga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga qarshi chiqqan Yevropa Ittifoqidagi yagona davlat bo‘lgan. Biroq keyinchalik Riga o‘z vetosini qaytarib olib, “konstruktiv betaraflik” pozitsiyasini tanlagan.
Shundan so‘ng YeI Kengashi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni 2029 yil 22 sentyabrgacha uzaytirganini rasman ma’lum qildi. Bayonotda 3 nafar jismoniy shaxs va bitta tashkilotning sanksiya ro‘yxatidagi muddati uzaytirilmagani aytilgan.
Usmonov va Fridmanga qarshi sanksiyalar Yevropa Ittifoqi tomonidan 2022 yilda, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan ko‘p o‘tmay joriy etilgan edi. YeI rasmiylari o‘sha vaqtda ularni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yaqin doirasiga kiruvchi shaxslar sifatida baholagan.
Sanksiyalar sabab Fridman investitsiya guruhi LetterOne direktorlar kengashini tark etgan, shuningdek, “Alfa-bank” va “Alfa-straxovaniye”dagi ulushlarini sotgan.
Ma’lumot uchun, Usmonov va Fridman sanksiyalarini bekor qilish masalasi avval ham Yevropa Ittifoqida muhokama qilingan. Joriy yilning mart oyida Vengriya va Slovakiya ham ularni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Latviya Bosh vaziri Andris Kulbergs Rossiya bilan bog‘liq o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov va rossiyalik milliarder Mixail Fridmanga nisbatan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini bekor qilish evaziga boshqa minglab shaxs va kompaniyalarga qo‘yilgan cheklovlarni uzaytirish bo‘yicha taklifni rad etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi