“Sevimli” ortidan “Kinoteatr” telekanalida ham tekshiruv boshlandi

Jamiyat

image

“Sevimli” telekanalida namoyish etilgan “Sabriya” seriali ortidan “Kinoteatr” telekanali ustidan ham tekshiruv boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, kecha, 31 yanvar kuni “Kinoteatr” telekanali orqali soat 22:00 da efirga uzatilgan “Baunti” filmida ochiq sahnalar namoyish etilgan va bu jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.

Ayni vaqtda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan dastlabki o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish ishlari Agentlik tomonidan nazoratga olinib, ekspertlar tayinlangan.

Ta’kidlanishicha, o‘rganish yakunlari yuzasidan tayyorlangan xulosa asosida “Kinoteatr” telekanaliga taqdimnoma hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga huquqiy baho berish uchun ma’lumot kiritiladi.

"Sabriya" mashmashasi

Avvalroq, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi

Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi

Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov  ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.

Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan. 

20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi.

Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi.

Muhokamalar davom etayotganda ishga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi aralashdi va Kinematografiya agentligi shartnomalar tuzilishida va davlat subsidiyasi mablag‘larining taqsimlanishida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi. Agentlikka ko‘ra, Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov turmush o‘rtog‘i, qizi va o‘g‘li hissador bo‘lgan shirkatga tegishli “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini tendersiz tortiq qilib, bir necha milliard so‘m pul o‘tkazib bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

382

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing