Seulda tergovchilar prezidentni hibsga olish uchun uning qarorgohiga bordi (video)
Olam
−
03 yanvar
10295Bugun, 3 yanvar kuni Janubiy Koreya tergovchilari mamlakat tarixida birinchi marta prezident Yun Sok Yol qarorgohiga uni hibsga olish maqsadida yetib bordi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, politsiya va Oliy mansabdor shaxslarni tergov qilish boshqarmasi (CIO)dan 20 ga yaqin odam davlat rahbari qarorgohiga kirishga muvaffaq bo‘lgan, biroq prezident hali hibsga olinmagan.
Demokratik partiya Yunni qo‘rqoqlik qilib yashiringan uyidan chiqib, hibsga olish haqidagi orderni kamtarlik bilan qabul qilishga chaqirgan.
“Koreya Respublikasining barcha fuqarolari qonun va tartibni hurmat qilishi kerak”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, prezident advokati hibsga olish orderi “noqonuniy va haqiqiy emas” deb bayonot bergan. Advokat bu qarorga qarshi qonuniy choralar ko‘rishga va’da bergan.
Qayd etilishicha, Seul mudofaa qo‘mondonligidan bo‘lgan harbiy xizmatchilar voqea joyiga yetib kelgan huquq-tartibot idoralari xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan.
Qolaversa, Prezident xavfsizlik xizmati ham tergovchilar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 3 dekabr kuni kechqurun Yun Sok Yol harbiy holat e’lon qilgan edi. Ammo bu holat taxminan olti soatdan keyin bekor qilindi. Shundan so‘ng, joriy yilning 14 dekabr kuni Yun Sok Yolga nisbatan impichment e’lon qilindi. Oqibatda uning vakolatlari to‘xtatildi.
Birlashgan tergov guruhi 14 dekabr kuni parlamentda impichment e’lon qilinganidan keyin vakolatlari to‘xtatilgan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olishga order berish uchun Seul sudiga murojaat qilgandi. Shundan so‘ng, Janubiy Koreya sudi tergovchilarning iltimosini qanoatlantirib, mamlakatning hokimiyatdan chetlatilgan prezidenti Yun Sok Yolni hibsga olishga order bergandi.
LiveBarchasi