Sergey Lavrovni Toshkentda samimiylik bilan kutib olishdi
Jamiyat
−
14 iyul 2021
12960Bugun, 14 iyul kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekiston poytaxti Toshkentga yetib keldi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Rossiya TIV rahbari joriy yilning 15-16 iyul kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etadi.
“Uni samimiylik bilan kutib olishdi”, deya yozadi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining Telegram kanalida.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 15 iyul kuni start oladigan Toshkent konferensiyasida ishtirok etish uchun Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ham, allaqachon, O‘zbekistonga yetib kelgan. U ayni vaqtda Farg‘onada bo‘lib turibdi.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkent konferensiyasida Afg‘oniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozef Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq.
Toshkent ushbu nufuzli konferensiyaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Joriy yilning 15-16 iyul kunlari shahar bo‘ylab bir qator yo‘llar yopiladi, avtobus qatnov yo‘nalishlari o‘zgaradi. Bundan tashqari, har bir davlat delegatsiyasiga o‘zbekistonlik bo‘lajak diplomat talabalardan vakillar biriktirilgan.
LiveBarchasi