Mavlud Chavusho‘g‘li O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
14 iyul 2021
8167Avvalroq, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li joriy yilning 15-16 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelishi va ushbu safarni Farg‘onadan boshlashi haqida xabar bergan edik.
Bugun, 14 iyul kuni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Istanbuldan Farg‘onaga uchib keldi. Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yuqori martabali mehmonni Farg‘ona xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov, Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Iqboljon Ergashev, Farg‘ona shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayev, O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher A’zamxo‘jayev hamda Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar va boshqa rasmiylar kutib olgan.
Tashrif rejasiga ko‘ra kun davomida Mavlud Chavusho‘g‘li Marg‘ilondagi Hunarmandlar markazini hamda Oltiariq tumanidagi uzumchilik bog‘larini borib ko‘radi. Qo‘qondagi Xudoyorxon saroyi hamda Jome majmuasi bilan tanishadi.
Turkiya TIV rahbari 14 iyul kech soatlarda Farg‘onaga tashrifini yakunlab, ertaga, 15 iyul kuni boshlanadigan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun Toshkentga jo‘nab ketadi.
Ta’kidlash joizki, bu Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lining O‘zbekistonga ikkinchi tashrifi bo‘lib, bundan oldin u joriy yilning 6-9 martida Xiva, Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarida bo‘lgan.
LiveBarchasi