Serbiyadagi namoyishda vazirning burni sindirildi
Olam
−
08 mart
3725Serbiyadagi norozilik namoyishlari fonida kecha, 7 mart kuni Novi-Sad shahrida mamlakatning Madaniyat vaziri Nikola Selakovichga hujum qilindi. Bu haqda “Blic” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 7 mart kuni respublikaning ikkinchi yirik shahri – Novi-Sadda talabalarning norozilik yurishi bo‘lib o‘tgan. N1 nashrining xabar berishicha, ularga ko‘plab fuqarolar ham qo‘shilgan. Talabalar umumiy ish tashlashga chaqirgan. Mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari taxminan besh oydan beri davom etmoqda. Ular 2024 yil 1 noyabr kuni Novi-Sadda sodir bo‘lgan fojiadan keyin boshlangan. O‘shanda temiryo‘l vokzalida tom qulab, 15 kishi halok bo‘lgan edi.
“Blic” nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Selakovichning burni singan va u bosh miya rentgeni uchun shifoxonaga yuborilgan. Adliya vaziri Mayya Popovichning aniqlik kiritishicha, Selakovichga Belgrad markazidagi ko‘chalardan birida hujum qilingan.
“Ular bugun kechqurun Selakovichga ham hujum qildi va shu bilan muammoni hal etganini o‘ylamoqda. Yo‘q. Ular shunchaki yana bir bor ushbu mamlakatdagi demokratiya haqidagi qarashlarini va o‘zlari kabi o‘ylamaydigan odamlarga qanday munosabatda bo‘lishni ko‘rsatdi”, dedi mamlakat Prezidenti Vuchich.
Novi-Sadda qulab tushgan beton inshoot atigi to‘rt oy oldin 16 million yevro sarflangan rekonstruksiya ishlaridan so‘ng foydalanishga topshirilgan edi. Namoyish ishtirokchilari aybdorlarni “qotillik“ va “korrupsiya” moddalariga binoan sud qilishni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyi oxirida Serbiya Bosh vaziri Milosh Vuchevich iste’foga chiqqandi. U 2012–2022 yillarda Novi-Sad shahriga rahbarlik qilgan edi. Vuchich norozilik namoyishlarini G‘arbning ta’siri va “rangli inqilob” uyushtirish istagi bilan izohlamoqda. Prezident, shuningdek, davlat rahbariga ishonch masalasida referendum o‘tkazishga tayyor ekanini bildirgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

