Serbiyada 150 ming kishi Vuchichning iste’fosini talab qilib, ko‘chaga chiqdi (video)
Olam
−
11:34 10163 2 daqiqa
Serbiya poytaxti Belgradda muddatidan oldingi parlament saylovlari arafasida Prezident Aleksandr Vuchich hokimiyatiga qarshi 150 mingga yaqin kishi namoyishga chiqdi. Bu haqda DW xabar berdi.
Namoyish kecha, 22 oktyabr kuni Belgradda bo‘lib o‘tgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, unda qatnashganlar Vuchichning hokimiyatdan ketishini va saylovda “Talabalar ro‘yxati” harakatini qo‘llab-quvvatlashni talab qilgan.
Serbiyada joriy yilning 25 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan oldingi parlament saylovlari qariyb ikki yildan beri davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida o‘tkazilmoqda. 2024 yilning noyabr oyida Novi-Sad shahridagi temiryo‘l vokzalida ta’mirdan chiqqan soyabon konstruksiyasi qulab tushib, 16 kishi halok bo‘lgan edi. Mustaqil OAV va muxolifat fojiaga korrupsiya sabab bo‘lganini ta’kidlagan. Shundan so‘ng mamlakatda keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlangan, ularning asosiy harakatlantiruvchi kuchi talabalar bo‘lgan.
Namoyishlar davomida shakllangan “Talabalar ro‘yxati” harakati saylovda olimlar, faollar va jamoat arboblarini nomzod sifatida ilgari surmoqchi. Harakatning aniq yetakchisi yo‘q. Serbiyadagi ko‘plab muxolif partiyalar esa saylov poygasidan chiqib, saylovchilarni talabalarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
20 oktyabr kuni e’lon qilingan so‘rov natijalariga ko‘ra, “Yangi serb siyosiy tafakkuri” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadqiqotda respondentlarning 44,5 foizi “Talabalar ro‘yxati”ni, 42,7 foizi esa Vuchich boshchiligidagi Serbiya taraqqiyparvar partiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Bu natijalar so‘rovda qatnashganlar fikrini aks ettiradi va saylov yakunini oldindan belgilamaydi.
Ma’lumot uchun, Vuchich 2014 yildan buyon Serbiya siyosatida yetakchi o‘rin tutib keladi. U prezidentlikdan ketishi haqida avval ham bayonot bergan, biroq 25 oktyabrdagi saylovda bosh vazir lavozimiga da’vogarlik qilmoqchi. Serbiya Konstitutsiyasiga ko‘ra, bosh vazir prezidentga qaraganda kengroq vakolatlarga ega. Vuchich 2014–2017 yillarda ham bosh vazir bo‘lgan, keyinchalik prezident etib saylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakatda tartibsizliklar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan noqonuniy namoyishlar taqiqlanishini bildirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi