Serbiya Prezidenti Vuchich iste’foga chiqdi

Olam

−

image

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich ikkinchi va so‘nggi besh yillik prezidentlik muddati tugashiga yetti oy qolganida iste’foga chiqdi, bu esa mamlakatda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga yo‘l ochdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Vuchichning iste’fosi joriy iyl 25 oktyabrga belgilangan muddatidan oldingi parlament saylovlari kampaniyasi davriga to‘g‘ri keldi. Uning iste’foga chiqishi, agar uning Serbiya Taraqqiyot partiyasi (SNS) yangi hukumatni shakllantirsa, Vuchichga bosh vazir lavozimiga tayinlanish imkonini beradi.

Qayd etilishicha, kecha, 27 sentyabr kuni Belgrad markazidagi Prezident qarorgohi oldida yuzlab Vuchich tarafdorlari uni qo‘llab-quvvatlab, olqishlagan.

“Bu binoda men uchun bu yerdagi so‘nggi oqshom”, degan Vuchich iste’fosini rasman topshirishidan bir necha daqiqa oldin bayroq ko‘targan tarafdorlariga.

“Men sizlarga va vatanim Serbiyaga sidqidildan xizmat qildim. Birgalikda amalga oshirgan ishlarimizdan faxrlanaman”, degan u.

Serbiya Konstitutsiyasiga ko‘ra, parlamentning amaldagi spikeri Ana Brnabich yangi prezident saylanguniga qadar davlat rahbari vazifasini vaqtincha bajaradi. Prezidentlik saylovlari 90 kun ichida yakunlanishi, saylov kampaniyasi esa 30 kundan 60 kungacha davom etishi kerak.

Vuchich, shuningdek, prezidentlik saylovining birinchi turi dekabr oxiriga qadar o‘tkazilishini aytgan.

Kelasi oydagi muddatidan oldingi parlament saylovlarida Vuchichning SNS partiyasi va uning ittifoqchilari korrupsiyaga qarshi talablar bilan chiqqan “Talabalar g‘alaba qozonadi” harakati hamda g‘arbparast muxolifat partiyalari birlashgan “Yevropa Serbiyasi” ittifoqiga qarshi raqobat qiladi. Hozircha ushbu kuchlar va boshqa partiyalar prezidentlik saylovida o‘z nomzodlarini e’lon qilmagan.

56 yoshli Vuchich o‘n yildan ortiq vaqt davomida Serbiya siyosatining asosiy figuralaridan biri bo‘lib kelgan. U 2017 yilda asosan marosimiy hisoblangan prezidentlik lavozimiga o‘tgan, ammo partiyasi va hukumat ustidan nazoratini saqlab qolgan.

Tashqi siyosatda Vuchich Xitoy va Rossiya bilan yaqin aloqalarni saqlash bilan birga, Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha uzoq muddatli maqsadini ham ilgari surib kelgan. Shuningdek, u AQSH va Isroil bilan munosabatlarni mustahkamlashga harakat qilgan.

Vuchich prezidentligi davridagi eng katta inqirozlardan biri 2024 yil noyabrida Novi-Sad shahrida rekonstruksiya qilingan temiryo‘l vokzali tomi qulab, 16 kishi halok bo‘lganidan keyin boshlangan. Hodisa talabalar va muxolifatning keng ko‘lamli namoyishlariga sabab bo‘lib, ular mas’ullarni javobgarlikka tortish, davlat xaridlarida shaffoflik, tizimli korrupsiyaga barham berish va muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishni talab qilgan.

Hukumat namoyishchilarning ayblovlarini bir necha bor rad etgan. Shunga qaramay, voqea ortidan bir qator amaldorlar, jumladan ikki vazir hibsga olingan yoki iste’foga chiqqan.

Vuchich iste’foga chiqishidan oldin namoyishlar bilan bog‘liq hodisalar tufayli hibsga olingan yoki sud qilingan 49 kishiga amnistiya va avf berganini ham ma’lum qildi. Ular orasida 12 nafar faol va Vuchichning 11 nafar tarafdori bor.

Eslatib o‘tamiz, Vuchich avvalroq prezidentlikdan iste’foga chiqishini va Serbiyada muddatidan oldin parlament hamda prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini aytgan edi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing