Serbiya bilan yaqinlik, tug‘uruqxonadagi qotillik, oshayotgan yo‘lkira, “uchastkovoy”larga yangi vakolat – Hafta tahlili
Tahlil
−
09:31 228 16 daqiqa
Serbiya O‘zbekistonga birgalikda ballistik raketa ishlab chiqarishni taklif qilyapti. Shavkat Mirziyoyev samolyotini Serbiyaga parvoz vaqtida qiruvchi samolyotlar qo‘riqladi. Mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev lavozimidan ketdi, G‘ofurjon Mirzayev va Po‘lat Bobojonov tandemi yangi ishga o‘tkazildi. Mahallalardagi “uchastkovoy”larga yangi huquq berilyapti. Toshkentda avtobus va metro uchun yo‘l haqi oshishi kutilmoqda. Chorvoqda bir oilaning uch a’zosi – ota ikki o‘g‘li bilan cho‘kib ketdi. Farg‘onada bosh hamshira qo‘l ostidagi xodimlarni pichoqladi, bir kishi vafot etdi. Alifbo o‘zgaryapti. Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa xabarlar tafsiloti bilan Hafta voqealari tahlilida tanishasiz.
O‘zbekiston Serbiyaga strategik sherik bo‘ldi
Serbiya bir yil ichida uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlaydi va bu masalada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor. Ushbu bayonot Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan hafta 7-8 sentyabr kunlari Serbiyaga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi davomida yangradi. Rasmiy Toshkent hozircha Vuchichning bu taklifiga hech bir shaklda munosabat bildirgani yo‘q.
O‘zbekiston ikkinchi ma’muriyat davrida jangovar tayyorgarlik, mudofaa sohasini moderenizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Mamlakatda “Tarlon” va “Qalqon” ko‘p maqsadli zirhli avtomobillari, shuningdek, yengil sovutlangan taktik mashinalar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, harbiy va fuqarolik maqsadlariga mo‘ljallangan “Lochin” nomli dronlar va razvedkachi pilotsiz apparatlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Og‘ir jangovar texnikalar, aviatsiya, raketa hamda havo hujumidan himoya tizimlari asosan import qilinadi.
Mamlakat Turkiyaning “Bayraktar TB2” razvedka-zarbdor dronlarini xarid qildi va ular hozirda chegaralarni qo‘riqlash hamda jangovar navbatchilikda qo‘llanilmoqda. Shuningdek, Turkiyaning TUSAŞ kompaniyasi ishlab chiqqan ANKA og‘ir uchuvchisiz aviatsiya komplekslarini yetkazib berish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan. Braziliyaning Embraer kompaniyasi ishlab chiqqan “C-390 Millennium” harbiy-transport samolyotlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Shuningdek, yaqinda Xitoydan yangi avlod qiruvchi samolyotlar – J-10CE xarid qilindi.
“Bir yil ichida biz uzoq masofali ballistik raketalar ishlab chiqarishni boshlaymiz va bu masalada ham siz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz. Bu Serbiya aholisiga kamdan kam hollarda aytadigan yangiligimiz, ammo bu bizning ham texnologik, ham ahamiyatli – sanoat sohasidagi ilgarilashimizdan dalolat beradi. Mutaxassislarimiz ko‘p narsaga erishdi va ishonamanki, aytib o‘tganimdek, bir yil ichida buni ham amalga oshira olamiz. Ushbu sohada ham birodarlarimiz va o‘zbekistonlik do‘stlarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyormiz”, deydi Vuchich.
Ahamiyatli jihati shundaki, Belgradga rafiqasi bilan borgan Prezident Mirziyoyevning bortini Serbiya osmonida Rossiyada ishlab chiqarilayotgan MiG-29 qiruvchi samolyotlari qo‘riqlab bordi. Shavkat Mirziyoyev va Ziroat Mirziyoyevani aeroportda Aleksandr Vuchich rafiqasi Tamara Vuchich bilan kutib oldi.
Belgraddagi Serbiya saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston rahbari va uning rafiqasi sharafiga rasmiy qabul marosimi tashkil etildi. Belgraddagi qator osmono‘par binolar esa O‘zbekiston bayrog‘i ranglariga burkangani jamoatchikda muhokama mavzusi bo‘ldi.
O‘zbekiston va Serbiya diplomatik munosabatlari 1995 yilda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, 2025 yilgacha bordi-keldilar bo‘lmagan, munosabatlar mo‘tadilligicha qolgan. 2025 yilning 28-31 oktyabr kunlari Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning O‘zbekistonga tashrifi bu sukunatni buzdi. O‘shanda ikki mamlakat rahbarlari muzokaralari yakunida hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida qator ikki tomonlama bitimlar imzolandi.
Mirziyoyevning Belgradga tashrifi bahonasida ham Prezidentlar mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir masalalarni muhokama qildi.
O‘zaro savdo hajmini birinchi navbatda talab yuqori bo‘lgan tovarlar yetkazib berishni kengaytirish hisobiga oshirish, erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va qabul qilish, standartlashtirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhokama qilingan.
Transport va logistika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot va raqamli iqtisodiyot kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, avtomobil qismlari, uskunalar, elektr texnika va elektronika ishlab chiqarish borasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi aytilgan.
Tartibli mehnat migratsiyasi masalasiga ham to‘xtalingan. Serbiyaning bu yo‘nalishda tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqishi yuqori. Tashrif doirasida Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim qabul qilingan.
Mirziyoyev va Vuchich mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalasida ham gaplashgan. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Bu bilan O‘zbekiston strategik munosabat o‘rnatgan davlatlar 20 taga yetdi. Aytish o‘rinliki, shulardan 12 tasi aynan so‘nggi 10 yillikka oid.
Qolaversa, Mehnat mobilligi va migratsiyasi, Avtomobil transportida yo‘lovchi va yuklarni xalqaro tashish, bojxona, erkin savdo, qayta tiklanuvchi energetika va “yashil” texnologiyalar, o‘rta yo‘lakni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha – jami 20 ta hujjat imzolangan.
Aleksandr Vuchich Shavkat Mirziyoyevni Serbiyaning oliy davlat mukofoti – Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan mukofotladi. Poytaxt Belgrad ko‘chalaridan biriga Toshkent nomi berildi. Vuchich Mirziyoyevga “Mirziyoyev doktrinasi” nomli kitobning serb tilida nashr etilgan nusxasini ham sovg‘a qildi.
Shuningdek, Serbiya O‘zbekistonda elchixona ochish niyatini bildirdi. Bu haqda Mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy siyosat vaziri Militsa Stamenkovski Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov bilan uchrashuvda so‘z ochgan. Elchixonaning ochilishi o‘zbekistonliklar uchun hozirda Ostona shahri orqali amalga oshirilayotgan viza rasmiylashtirish jarayonlarini ancha soddalashtirishi kutilmoqda.
Quronboyev ketdi. Qayerga?
2024 yilda tashkil etilgan Mahallalar uyushmasining ilk raisi Qahramon Quronboyev lavozimidan ozod etildi, uning iste’fosi sabablari noma’lum. 2022 yildan buyon Prezident maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan G‘ofurjon Mirzayev Uyushma raisligiga tayinlandi. Mirzayevning boshqa o‘tishi ortidan Prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimi va uning bo‘linmasi tugatildi. Shu tariqa 2025 yilning martidan buyon maslahatchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan sobiq Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ham lavozimidan ozod etilib, Mahallalar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Bu O‘zbekiston Prezidentining sentyabr oyi boshida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishidan keyingi eng yirik kadrlar islohoti. O‘sha yig‘ilishda davlat rahbari ishni to‘g‘ri tashkil qilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylangani, qolgan 159 ta tuman va shahar hamda 5 ming 536 ta mahalladagi mas’ullar ishida natija yetmayotganini tanqid qilgandi.
O‘sha yig‘ilishda “mahalla yettiligi” uchun mas’ul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tishi, har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etilishi, ular kimga qancha kredit berish, uni naqd yoki naqdsiz shaklda ajratish, mablag‘ni qaytarish muddatini uzaytirish va to‘lov grafigini biznes turiga moslashtirishni mustaqil hal qilishi aytilgandi. Buning uchun kambag‘allik jamg‘armasidagi 240 milliard so‘m, Bandlik jamg‘armasidagi 100 milliard so‘m va uchta “daftar”dagi 760 milliard so‘m mablag‘ tuman shtablari ixtiyoriga beriladi.
Tuman shtablari mahallalardagi hokim yordamchilarini “loyihabay” ishlash tizimiga o‘tkazadi. 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari vazifa bajaruvchi etib tayinlanadi, agar ular natija ko‘rsatsa, lavozimiga qayta tayinlanadi, ishiga noloyiqlar yangilanadi.
Xullas, mahallada ishlar ko‘payyapti, ularning asosiy vazifasi esa aholini kambag‘allikdan chiqarish, ish bilan ta’minlash. Xo‘sh, siz yashayotgan hududlarda bu boradagi ishlar qanday ketyapti, kambag‘allar haqiqatdan ham kamayyaptimi? Kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha sizning qanday takliflaringiz bor? Bularni izohlarda yozing.
Qahramon Quronboyevning iste’fosiga kelsak, iste’fo sabablari va qaysi lavozimga o‘tishi ochiqlanmadi. Biroq jamoatchilik ushbu kutilmaganda ro‘y bergan hodisani avgust oyida mamlakatning bir qancha hududlarida hokimlar aholi yashash uylariga kirib, ularning muzlatgichidan tortib, tandiri atrofida o‘tkazgan reydi, yuvilmagan qozoni-yu artilmagan changi uchun bergan dakkisiga bog‘lamoqda.
Saida Mirziyoyevaga yangi vazifa yuklandi
Prezident farmoni bilan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hozirgi lavozimi bilan o‘rindoshlik asosida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi.
U Moliya markazi kengashining Bosh kotibi hisoblanadi, kun tartibini shakllantirishni tashkil etadi, rais qatnashmagan majlislarda ularga raislik qiladi.
Moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni muvofiqlashtirish boshqaruvchi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Birinchi navbatdagi hujjatlarni tayyorlash, davlat organlari va Markaz tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan.
Shuningdek, Moliya markazi nomidan O‘zbekistonda va xorijda xalqaro tashkilotlar, investorlar hamda hamkorlar bilan munosabatlarda Markazga vakillik qilish, kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etish, jumladan, Moliya markazi ma’muriyatining ijrochi direktorini va uning o‘rinbosarlarini tayinlash, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi rahbariyati bo‘yicha tavsiyalar kiritish ham boshqaruvchining muhim funksiyalari sirasiga kiradi.
Boshqaruvchi, shuningdek, bitimlar tuzish, ishchi guruhlar tashkil etish va ekspertlarni jalb qilish huquqiga ega.
Aytish o‘rinlinliki, Saida Mirziyoyeva ayni vaqtda AQSH-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining O‘zbekiston tomonidan tayinlangan raisi sifatida ham faoliyat yuritmoqda.
“Uchastkovoy”larga yangi huquq berildi
Endi O‘zbekistonda profilaktika inspektorlariga, ya’ni “uchastkovoy”larga yo‘l-patrul xizmatining hamda tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosarlarining ayrim vakolatlari ham beriladi. Prezident ushbu yangi tartibni nazarda tutuvchi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Endi profilaktika inspektorlari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalari buzilishi bilan bog‘liq 4 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ham ma’muriy jazo qo‘llay oladi.
Bular:
- 128-modda — Haydovchilarning transport vositalarini trotuarlardan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan, yashil maydonlardan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi;
- 128−8-modda — Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish;
- 130-modda — Transport vositalari haydovchilarining temir yo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzishi;
- 135-modda — Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi.
Muqaddam shu turdagi huquqbuzarliklarni aniqlangan taqdirda inspektorlar chora ko‘ra olmay, tumanga biriktirilgan Yo‘l-patrul xizmati xodimini chaqirishga majbur bo‘lgan. Yangi tartib bo‘yicha profilaktika inspektorlari ushbu moddalar bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni mahallada shaxsan aniqlaydi va joyida ma’muriy bayonnoma tuzib jarima belgilaydi.
Qolaversa, qaror bilan endi profilaktika inspektorlari ko‘rib chiqish vakolati doirasidagi birinchi marotaba sodir etilayotgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llashi mumkin.
Shuningdek, profilaktika inspektorining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
Profilaktika inspektorlariga berilgan qo‘shimcha vakolatlar orasida tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosarlarining vakolatidagi 9 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo qo‘llash imkoniyati ham mavjud.
Yo‘lkira oshadi
Suyunchi bering! Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahrida metro va avtobus uchun yo‘lkira narxi 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirilishi mumkin. Bu haqda poytaxt hokimligining joriy yil 4 sentyabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan va 19 sentyabrgacha muhokamada bo‘ladigan “Toshkent shahridagi jamoat transportida yo‘lkira haqi tarifini belgilash to‘g‘risida”gi qarori loyihasida so‘z borgan.
Transport vazirligi tarif o‘zgarishi bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini, yo‘l haqining ehtimoliy oshirilishi tashuvchilarga qo‘yiladigan xizmat sifati talablari bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi lozimligini ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, jamoat transporti xarajatlariga haydovchi va texnik xodimlarning ish haqi, yoqilg‘i va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va shinalar, harakat tarkibiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, depo hamda quvvatlantirish infratuzilmasini saqlash, salonlarni tozalash, shuningdek, dispetcherlik, navigatsiya va elektron to‘lov tizimlarini ta’minlash xarajatlari kiradi.
Transport vazirligining ma’lum qilishicha, jamoat transportida amalda bo‘lgan 1700 so‘m tarif ushbu xarajatlarning faqat bir qismini qoplamoqda, tashishlarni moliyalashtirishda asosiy yuk esa davlat byudjeti zimmasida qolmoqda.
Senat yangi alifboni tasdiqladi
Senat tugayotgan haftada “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonunni tasdiqladi.
Yangilanayotgan o‘zbek alifbosi 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topmoqda. Undagi asosiy o‘zgarish – G‘, O‘, Sh, Ch harflarining yozilishi. Ng harf birikmasi chiqarib tashlanyapti.
Yangi alifboga o‘tish jarayonida qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilinmaydi.
1-sinf darsliklari 2027 yildan yangi alifboda chiqa boshlaydi. 2031 yilgacha barcha maktab darsliklari to‘liq yangilanadi.
O‘zbekistonda alifbo bilan bog‘liq qator anglashimovchiliklar mavjud. Yangisini hisobga olsak, mamlakatda so‘nggi 100 yilda beshinchi marta alifbo o‘zgarmoqda. 1928 yilgacha arab yozuvi amalda bo‘lgan. 1928-1940 yillarda yanalif – yangi turkiy alifbodan foydalanildi. 1940-1993 yillarda kirill yozuvi – rus grafikasi asosidagi 35 ta harfdan iborat o‘zbek kirill alifbosi ishlatildi va tan olish kerak, mustaqil O‘zbekistonga oid ilk hujjatlar, minglab kitoblar, qaror va farmonlar, gazetalar, jurnallar ham aynan shu alifboda chop etildi, 50 yildan oshiq vaqt davomida bir necha avlod shu alifbo bilan ulg‘aydi.
1993 yilda qabul qilingan lotin alifbosiga o‘tishga esa jur’at yetishmadi. Oqibatda odamlar hamon ikki alifbo o‘rtasida sarson bo‘lib yuribdi. Savodsizlar ko‘paydi. 1995 yilda unga kiritilgan o‘zgartirishlar ham xatolarni tuzatmadi va hozirgacha, hatto, O‘zbekiston nomining noto‘g‘ri yozilishiga sabab bo‘lib kelmoqda.
Tug‘uruqxonada pichoqbozlik
Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidagi tug‘uruqxonada katta hamshira boshqa hamshiralarni pichoqladi. Oqibatda 2 kishi jarohatlandi, 1 kishi vafot etdi.
Hodisa 7 sentyabr kuni sodir bo‘lgan, biroq bu haqda hamon rasmiy axborot berilmadi. Fojia sababi hozircha ma’lum emas. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi.
U yuz bergan voqeani tasdiqladi. Hodisa oqibatida 2 kishi jabrlangan, 1 nafari vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan Qo‘shtepa tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi shaxsa (ayol) Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
QALAMPIR.UZ’ga oid ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanayotgan shaxs muqaddam xuddi shunday jinoyatni sodir etib, jazo muddatini o‘tab chiqqan.
Chorvoqda bir oilaning uch a’zosi cho‘kib ketdi
Joriy yilning 2 sentyabr kuni Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv omborida ota va uning 2 o‘g‘li cho‘kib ketgandi. Oradan 8 kun o‘tib, 10 sentyabr kuni ularning jasadi topildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining bildirishicha, marhum ota va uning o‘g‘illari suratga tushish uchun cho‘milish taqiqlangan hududda katerni to‘xtatib, qutqaruv nimchalarisiz cho‘milish uchun suvga tushgan.
Hodisa sodir bo‘lgan vaqtda oilaning boshqa a’zolari – bolalarning onasi va voyaga yetmagan singlisi o‘sha yerda bo‘lgan. Ular atrofdagilardan yordam so‘ragan. Kater haydovchisi ham suvga tushib, ularni qutqarishga uringan, biroq buning imkoni bo‘lmagan.
Qidiruv-qutqaruv ishlariga 5 ta qutqaruv otryadi va suvda harakatlanayotgan 7 ta qutqaruv brigadasi jalb qilingan. Favqulodda vaziyatlar vaziri topshirig‘iga asosan shtab faoliyati tashkil etilib, qo‘shimcha ravishda Jizzax va Sirdaryo viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalaridan qo‘shimcha kuchlar jalb etilgan. Natijada uch jasadni ham bir kunda topishga muvaffaq bo‘lingan.
Shuningdek, 10 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Piskom daryosida 15 kun avval cho‘kib ketgan, Qibray tumanida yashovchi 30 yoshli fuqaroning jasadi ham tugayotgan haftada topildi.
Qayd etilishicha, o‘sha kuni bir guruh fuqarolar Piskom daryosiga SUP-doskada sayr qilish maqsadida kelgan. Sayr vaqtida ulardan biri boshqaruvni yo‘qotib, qoyali qirg‘oqqa urilgan va suvga tushib ketgan. Fuqaro qutqaruv nimchasi kiymaganligi sababli kuchli suv oqimi uni suv ostiga olib ketgan.
Ekopolitsiya xodimi xizmat vaqtida qurbon bo‘ldi
Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini nazorat qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Mirzo Botirov xizmat vazifasini bajarish vaqtida o‘ldirildi.
U 9 sentyabr kuni tungi soat 23:00 da Sirdaryo daryosi o‘zanida o‘tkazilgan tezkor reyd tadbiri davomida elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotgan huquqbuzarlarning qarshiligiga uchragan va natijada suvga tushib ketgan. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilgan qidiruv ishlari natijasida 10 sentyabr kuni inspektorning jasadi topilgan.
Holat ortidan Botirovning o‘limida gumonlanayotgan 3 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 202-(Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish), 219-(Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 102-(Ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Uch kishi gumon qilinuvchi tariqasida ushlangan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
NKMKdagi baxtsiz hodisada 2 kishi qurbon bo‘ldi
Tugayotgan haftada Navoiy kon-metallurgiya kombinatida avtoag‘dargich shinasi portlashi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi turli darajada tan jarohati oldi. Kombinatga ko‘ra, halok bo‘lgan ishchilar quvur tashuvchi avtomashinaning tirkamasida shinomontaj ishlarini amalga oshirayotgan bo‘lgan.
Holat kombinatning “Pistali” 1-transport sexida sodir bo‘lgan. Shinalar yorilgan va oqibatda ikki nafar ishchi vafot etgan.
Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Qidiruvdagi o‘zbekistonliklar Koreyaga yashiringan
Jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan 100 dan ortiq chet el fuqarosi Janubiy Koreyada yashirinayotgani taxmin qilinmoqda. Ulardan 19 nafari o‘zbekistonlik.
Gap shundaki, Janubiy Koreya Milliy politsiya agentligi (NPA) tomonidan deputat Kim Jun Xvan ofisiga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 12 avgust holati bo‘yicha o‘z mamlakatlarida yoki boshqa davlatlarda jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan 110 nafar chet el fuqarosi Koreyaga qochib o‘tgan.
Fuqaroligi bo‘yicha eng katta ulush Xitoyga to‘g‘ri keladi – Interpol so‘rovlarining 40 tasi yoki 36 foizi. Undan keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston (19 ta so‘rov), Mo‘g‘uliston (17 ta) va Vetnam (13 ta) egallaydi. Qolgan holatlarning aksariyati yaqin Osiyo mamlakatlariga, jumladan Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston, Tailand va Yaponiyaga to‘g‘ri keladi.
Huquqbuzarlik turlari bo‘yicha eng ko‘p uchraydigani firibgarlik bo‘lib, 47 ta holatni tashkil etgan. Undan keyingi o‘rinda bolalar va yoshlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzish, odam o‘g‘irlash, ozodlikdan noqonuniy mahrum qilish va fohishabozlikni o‘z ichiga olgan “boshqa” kategoriya – 29 ta holat. Giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar 7 ta holatni tashkil etgan bo‘lsa, o‘g‘rilik, yo‘l harakati qoidalarini buzish, tan jarohati yetkazish va tan jarohati yetkazishga urinishning har biri 5 tadan holatni tashkil etgan.
Oxirgi vaqtlarda Koreyadagi o‘zbekistonliklar va Koreyaga ishga yuborish masalalari bilan bog‘liq xabarlar tinmayapti. 1 sentyabr kuni Koreyada to‘rt o‘zbekistonlik Suriyadagi terrorchi guruhga pul va transport vositalarini yuborganlikda ayblanib qo‘lga olindi. Ulardan biri Suriyadagi “Katibat at-Tavhid val-Jihod” terrorchilik tashkilotiga 6,3 million von (taqriban 4600 AQSH dollari) qiymatidagi kriptovalyuta yuborganlikda va umumiy qiymati 170 million vonga teng bo‘lgan 11 ta minilgan avtomobil hamda ikkita ekskavator sotib olib, ularni Suriyaga jo‘natganlikda ayblanmoqda. Qolgan 3 kishi avtomobillarni topishda unga yordam bergan.
Shuningdek, oy boshida 2024 yil sentyabrdan Migratsiya agentligi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Behzod Musayev ham lavozimidan ozod etildi. Uning iste’fosiga boshqa ishga o‘tayotgani sabab qilib ko‘rsatilgandi, biroq hozirgacha Musayevga ish berilgani yo‘q. Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti fosh etgan Koreyaga odamlarni ishga yuborish bilan bog‘liq 90 million AQSH dollarilik korrupsion “sxema”ning so‘nggi tafsilotlari esa aniq emas. Oxirgi bor ushbu ish doirasida joriy yilning 29 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida DXX sobiq mulozimlari Ganchar Uzoqov, Alijon Ashurov, Timur Shariksiyev va Suxrob Sayfutdinovga Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi “a” va “b” bandlari, 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 301-moddasi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini sud majlisida ko‘rib chiqish yopiq tarzda boshlangani xabar qilingandi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Migratsiya agentligining Koreyadagi vakolatxonasi sobiq rahbari Azizbek Toshtemirovning nomi esa qidirilayotgan shaxslar ro‘yxatidan olib tashlangan.
Live
Barchasi