Dam olish kunlari qayerlarda yomg‘ir yog‘ishi aytildi
Bu qiziq
−
14:57 1341 2 daqiqa
Dam olish kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati asosan kunduz kunlari 25-30 daraja, ba’zi joylarda 32 darajagacha, kechalari 13-18 daraja bo‘ladi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga Kaspiy dengizidan sovuq va nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yilning 2-3 oktyabr kunlari, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyati shimolida 3 oktyabrda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.
Joriy yilning 4 oktyabr kuni sovuq va nam havo massalari respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. O‘zbekistonning ko‘pchilik viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Farg‘ona vodiysida 4 oktyabrda kechga tomon yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda, Surxondaryo viloyatida esa yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli kam.
Shimoli-g‘arbiy hududlarda kunduzgi havo harorati 12-17 darajagacha pasayadi, respublikaning qolgan hududlarida esa 20-25 darajagacha bo‘lishi kuzatilib, keyinchalik kunning ikkinchi yarmida harorat pasayishi boshlanadi.
3-4 oktyabr kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim joylarda ba’zida chang-to‘zonlar bilan 20-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkentda 2-3 oktyabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat bugun kunduzi 25-27 daraja, ertaga, 3 oktyabr kuni 29-31 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi.
4 oktyabrda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 10-14 m/s gacha kuchayadi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat kechasi 18-20 daraja, kunduzi 22-24 daraja bo‘ladi, kunning ikkinchi yarmida 17-19 darajagacha pasayadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 oktyabr kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 4-5 oktyabr kunlari respublikaning qolgan hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, O‘zgidromet O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida joriy yilning 4-5 oktyabr kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish bilan chiqqan edi.
Live
Barchasi