KXDR yana Yapon dengizi tomon ballistik raketa uchirdi
Olam
−
11:35 238 1 daqiqa
Bugun, 3 oktyabr kuni Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga tayanib, “Yonhap” xabar berdi.
Raketa uchirilishi mahalliy vaqt bilan soat 6:30 atrofida Vonsan hududidan qayd etilgan. Raketa 700 kilometrdan ortiq masofani uchib o‘tib, dengizga tushgan. Uning turi va texnik xususiyatlari Janubiy Koreya harbiylari tomonidan Amerika tomoni bilan hamkorlikda tahlil qilinmoqda.
Nashrning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, bu qisqartirilgan masofaga uchirilgan o‘rtacha masofali raketa bo‘lishi mumkin. Ushbu taxminning rasmiy tasdig‘i hozircha mavjud emas. Raketa uchirilishi joriy yilning 21 sentyabr kuni demilitarizatsiya qilingan zonada minalar portlashi ortidan ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan bir paytda yuz bergan. O‘shanda uch nafar janubiy koreyalik harbiy xizmatchi jarohat olgan, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir.
Seul hodisa uchun mas’uliyatni Pxenyan zimmasiga yuklagan va kechirim so‘rashni talab qilgan. KXDR ayblovlarni rad etdi va javob choralari bilan tahdid qildi.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldingi raketa uchirilishi 20 sentyabr kuni sodir bo‘lgan edi: o‘shanda Shimoliy Koreya Vonsan hududidan kichik masofali ikkita ballistik raketa uchirgan edi.