Serbiyada namoyishlar avj olmoqda. Politsiya ishtirokchilarni qo‘lga oldi
Olam
−
19 avgust 3498 1 daqiqa
Kecha, 18 avgust kuni tunda Serbiya huquqni muhofaza qilish organlari hukumatga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlari vaqtida yuz bergan tartibsizliklarda 19 kishini qo‘lga oldi. Bu haqda EFE agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, norozilik namoyishlari Belgradda hamda mamlakatning boshqa bir qator shaharlarida o‘tkazilgan. Namoyishchilar va politsiya o‘rtasida ko‘plab to‘qnashuvlar yuz bergan. Shuningdek, ishtirokchilar hukmron Serbiya “Progressiv” partiyasi shtab-kvartirasida tartibsizliklar uyushtirgan.
Mamlakat shaharlarida vaziyat o‘tgan haftadan buyon keskinlashgan. Namoyishchilar kechki va tungi soatlarda politsiya bilan qarama-qarshilikka kirishmoqda, yo‘llarni to‘smoqda.
Talabalar tashkilotlari boshchiligidagi Serbiya muxolifati to‘qqiz oydan beri norozilik namoyishlarini o‘tkazmoqda. Ular o‘tgan yil 1 noyabr kuni Novi-Sad vokzalidagi beton soyabon qulashi oqibatida 16 kishi halok bo‘lganidan keyin boshlangan. Namoyishchilar fojia uchun aybdorlarni jazolash, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda.
Yanvar oyida Serbiya bosh vaziri va Novi-Sadning sobiq meri Milosh Vuchevich norozilik namoyishlari tufayli iste’foga chiqdi. Mamlakat parlamenti bu qarorni mart oyida tasdiqladi.
Hukumatning yangi rahbari tibbiyot professori Juro Makut bo‘lib, uning nomzodi Vuchich tomonidan taklif qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich hokimiyatni saqlab qolish uchun konstitutsiyani o‘zgartirmasligi va o‘z nomzodini qayta ilgari surishni rejalashtirmayotganini aytgandi.
Live
Barchasi