Serbiya Bosh vaziri norozilik namoyishlari tufayli iste’foga chiqdi

Olam

image

Serbiya Bosh vaziri Milosh Vuchevich mamlakatdagi talabalarning norozilik namoyishlari fonida iste’foga chiqdi. Bu haqda “Tanyug” axborot agentligi xabar berdi.

Vuchevich bugun, 28 yanvar kuni matbuot anjumani o‘tkazadi.

Serbiyada ikki oydan ortiq vaqtdan beri ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Ular Novi-Sad shahridagi temiryo‘l vokzalidagi beton soyabon qulaganidan keyin boshlangan va 15 kishi, jumladan uch bola halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning barchasi Serbiya fuqarolari bo‘lgan, bir Shimoliy Makedoniya fuqarosi bundan mustasno.

Muxolifat faollari va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan talabalar fojiada hokimiyatni ayblab, stansiyaning sifatsiz ta’mirlanishiga korrupsiya sabab bo‘lgan deb hisoblamoqda. Namoyishchilar dastlab bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan shaffof tergov o‘tkazilishini talab qilgan, biroq rasmiylar ularga quloq solmaganidan so‘ng, siyosiy talablarni ilgari sura boshlagan. Ular orasida muddatidan oldin parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘radigan o‘tish davri hukumati tuzilishi ham bor.

Rasmiylarning fikricha, namoyishlardan maqsad hukumat va Prezident Aleksandr Vuchichni ag‘darishdir. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, turli tashkilotlar va xorijiy manbalar to‘rt yil davomida namoyishlarni tashkillashtirish uchun 426 million yevro ajratgan, yanvarda esa bu ko‘rsatkichni bir milliard yevroga yaqin deb aytgan.

Namoyishlar arafasida Vuchich mamlakatda barqarorlikni saqlashga chaqirgan, keyinroq jamiyatda muloqot boshlash zarurligini e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 22 dekabr kuni Serbiya poytaxti Belgrad markazida o‘n minglab odamlar Prezident Aleksandr Vuchich va uning Serbiya progressiv partiyasiga (SNS) qarshi norozilik bildirish uchun yig‘ilgandi. Muxolifat yetakchilari va jamoatchilik avariya hukumatdagi korrupsiya va qarindosh-urug‘chilik sabab bo‘lgan sifatsiz qurilish oqibatida yuzaga kelganini aytib, bir necha bor ko‘chaga chiqqan. Namoyishchilar “Vuchich, o‘g‘ri!”, “Qo‘llaringda qon”, degan yozuvlarni ko‘tarib, shahar bo‘ylab harakat qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksandr Vuchich Serbiya temiryo'l vokzali Milosh Vuchevich

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing