Senatorlar hukumatdan gaz ballonlar masalasida so‘rov yuboradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Oliy Majlisining Senati gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuboradi. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida aytib o‘tildi.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining portlashi bilan bog‘liq salbiy holatlar yuz berishiga qator omillar sabab bo‘layotgani aniqlangani qayd etilgan.

“Avtotransport vositalariga noqonuniy gaz moslamasini o‘rnatish va ularning o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaslik holatlari yilda-yilga ko‘payib borayotgani ta’kidlandi. Bu esa avtotransport vositalari portlashi bilan bog‘liq mudhish hodisalarni vujudga keltirmoqda”, deyildi qo‘mita majlisida.

Ta’kidlanishicha, 2021 yil davomida respublika bo‘yicha gaz ballonlari o‘rnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash hamda 2 ta yong‘in chiqish holatlari sodir bo‘lib, ularda 9 nafar fuqaro jarohatlangan va 14 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Shuningdek, qo‘mita yig‘ilishida avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarida gaz ballonlarini to‘ldirishda belgilangan talab va tartiblarni buzish holatlari ko‘plab uchrayotgani urg‘ulangan.

“Ularni avtomobillarga o‘rnatish va tegishli uskunalarni sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyati ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilmagani, gaz ballonlarining texnik sinovdan o‘tkazilgani to‘g‘risida qalbaki dalolatnomalar rasmiylashtirish holatlari mavjudligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Senatorlar yana bir masalaga e’tibor qaratgan. “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, davlat hokimiyativa boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi belgilangan.

Lekin gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlashga oid normativ-huquqiy hujjatlarning aksariyati rus tilida qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

gaz ballon

Baholaganlar

296

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing