Senator Bojxona qo‘mitasiga Toshkentdagi “paqildoqlar shousi” bo‘yicha so‘rov yubordi
Jamiyat
−
09 yanvar
6549Yangi yil bayrami arafasida mamlakatning barcha hududlarida, jumladan Toshkentda ham pirotexnika vositalaridan foydalanish avjiga chiqdi. Ushbu holat yuzasidan Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxonov O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi raisiga senator so‘rovini yubordi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, respublika hududiga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan. Shunga qaramay, yaqinda nishonlangan Yangi yil bayrami arafasida Toshkent shahrida pirotexnika vositalaridan foydalanildi. Bu, o‘z navbatida, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi
Ammo bunga qadar bojxona organlari tomonidan pirotexnika vositalari bilan bog‘liq ko‘plab qonunbuzarliklar aniqlangani va bartaraf etilgani haqida OAV orqali chiqishlar qilingandi. So‘rovda bayram kechasida bunday choralar kutilgan samarani bermagani qayd etilgan.
Shu sababdan, senator Bojxona qo‘mitasi raisidan pirotexnika vositalarining mamlakat hududiga olib kirilishi va sotilishi bilan bog‘liq holatlar bartaraf etilmayotganining sababi hamda mazkur vositalarning noqonuniy aylanishiga sabab bo‘layotgan omillar haqida ma’lumot taqdim etishini so‘radi.
Shuningdek, senator qonunchilikda bu borada qanday bo‘shliqlar mavjudligi, qonunbuzarliklarni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha bojxona organlari tomonidan tezkor ravishda amalga oshiriladigan choralar to‘g‘risida ham ma’lumot berishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 108 dona salyutlarni qabul qilib, boshqaruvidagi Spark rusumli avtomashinasiga yuklagan shaxs qo‘lga olingandi. Ushbu fuqarodan qiymati 350 million so‘mlik jami 1 ming 490 dona pirotexnika vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgani aytilgan.
LiveBarchasi